Buxoroda tadbirkorlar faoliyati o‘rganilib, tashqi savdo masalalari muhokama qilindi
Bojxona qo‘mitasi raisi o‘rinbosari O. Choriyevning Buxoro viloyatida amalga oshirgan o‘rganishlari davomida qator korxonalar faoliyati bilan tanishilib, tadbirkorlar bilan uchrashuvlar o‘tkazildi.
Xususan, “KAMALAK SHABNAM TEKS” MCHJ faoliyati bilan tanishuv chog‘ida korxonaning ishlab chiqarish salohiyati, tashqi iqtisodiy faoliyati hamda eksport-import operatsiyalari atroflicha muhokama qilindi.
Korxonada Germaniyaning nufuzli “Curt Bauer GmbH” kompaniyasi bilan 17 million yevro qiymatidagi shartnoma doirasida brendni relokatsiya qilish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarga alohida eʼtibor qaratildi.
Nemis texnologiyalari asosida faoliyat yuritayotgan korxona avtomobilsozlik, harbiy sanoat, aviatsiya, tibbiyot va boshqa sohalar uchun poliester hamda poliamiddan yuqori sifatli texnik to‘qimachilik mahsulotlari, shuningdek, aralash tolali uy tekstili ishlab chiqarishga ixtisoslashgan.
Muloqot davomida korxonaning tashqi savdo ko‘rsatkichlari ham ko‘rib chiqildi. Joriy yilning o‘tgan davrida qiymati 2,5 million AQSH dollariga teng, umumiy og‘irligi 770 tonnani tashkil etuvchi to‘qimachilik matolari va sochiqlar eksporti bojxona rasmiylashtiruvidan o‘tkazilgan.
Shuningdek, 2026 yil davomida korxona tomonidan qiymati 4,5 million AQSh dollari, umumiy og‘irligi 1 500 tonna bo‘lgan tovarlar import bojxona rejimiga rasmiylashtirilgan. Ular orasida to‘qimachilik sanoatida qo‘llaniladigan bo‘yoqlar, kimyoviy vositalar, ishlab chiqarish uskunalari va ularning butlovchi qismlari mavjud.
Uchrashuvda korxona faoliyatini yanada rivojlantirish, tashqi iqtisodiy operatsiyalarni amalga oshirishda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan masalalar va bojxona tartib-taomillarini takomillashtirish bilan bog‘liq jihatlar yuzasidan fikr almashildi.
Bundan tashqari, korxona vakillariga Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 4-avgustdagi 430-son qarorida belgilangan vakolatli iqtisodiy operator maqomini olish va unga doir tartiblar bo‘yicha tushuntirishlar berildi.
Bunday uchrashuvlar tadbirkorlarning tashqi iqtisodiy faoliyatida yuzaga kelayotgan masalalarni joyida o‘rganish, mavjud to‘siqlarni bartaraf etish hamda ishlab chiqarish va eksport salohiyatini oshirishga ko‘maklashishga xizmat qiladi.






