Sirdaryo viloyati bojxona boshqarmasida surishtiruv faoliyatini raqamlashtirish, protsessual jarayonlarni takomillashtirish va zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish borasidagi ishlar doirasida “Maxsus surishtiruv xonasi” tashkil etildi.
Mazkur xona O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 17-dekabrdagi PF–250-son Farmonida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash, bojxona organlarida surishtiruv va tergovga qadar tekshiruv jarayonlarini zamonaviy talablar asosida tashkil etish maqsadida jihozlandi.
Xonaning foydalanishga topshirilishiga bag‘ishlangan tadbirda Bojxona qo‘mitasi raisi o‘rinbosari N.Musamuxamedov, Surishtiruv va ma’muriy amaliyot boshqarmasi boshlig‘i A.Axlimirzaev hamda Sirdaryo viloyati bojxona boshqarmasi mas’ul xodimlari ishtirok etdi.
Tadbir davomida maxsus surishtiruv xonasining imkoniyatlari, protsessual harakatlarni qonunchilik talablariga muvofiq tashkil etish, surishtiruv jarayonlarida qonuniylik va shaffoflikni ta’minlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Zamonaviy texnik vositalar bilan jihozlangan xonada so‘roq qilish, yuzlashtirish, shaxsni tanib olish kabi protsessual harakatlarni o‘tkazish, shuningdek, ularni audio va videoyozuv orqali qayd etish imkoniyatlari yaratilgan. Bu esa amalga oshirilayotgan protsessual harakatlarning xolisligi va shaffofligini ta’minlash, inson omili bilan bog‘liq ehtimoliy qonunbuzilishlarning oldini olish, fuqarolarning huquq va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilishga xizmat qiladi.
Shuningdek, zamonaviy texnologiyalardan foydalanish surishtiruv jarayonlarini samarali tashkil etish, protsessual harakatlarning borishini xolis qayd etish va ish yuritish sifatini oshirish uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratadi.
Sirdaryo viloyati bojxona boshqarmasida “Maxsus surishtiruv xonasi”ning tashkil etilishi bojxona organlari faoliyatida raqamlashtirishni kengaytirish, qonuniylik va shaffoflikni mustahkamlash hamda inson huquqlarini ta’minlashga qaratilgan muhim amaliy qadamlardan biri bo‘ldi.









