Bojxona qo‘mitasi Raisi o‘rinbosari O.Choriyev hududlardagi faoliyat bilan tanishish doirasida Navoiy shahridagi “Kimyogar” stadioni hamda O‘zbekiston yengil atletika federatsiyasining Buxoro viloyati bo‘limida bo‘lib, sport infratuzilmasi, yoshlar uchun yaratilgan shart-sharoitlar va sportchilarning yutuqlari bilan tanishdi.
1975-yilda barpo etilgan, qariyb 8 gektar hududni egallagan “Kimyogar” stadioni 5 ming tomoshabinga mo‘ljallangan. Ko‘p yillardan buyon Navoiy viloyatining sport hayotida muhim o‘rin tutib kelayotgan mazkur majmuada ko‘plab sportchilar mahoratini oshirgan. Ular orasida Paralimpiya chempioni va jahon rekordchisi Husniddin Norbekov ham bor.
Tashrif davomida stadionning mavjud imkoniyatlari va infratuzilmasi bilan tanishilib, sport inshootlarining yoshlarni sog‘lom turmush tarziga jalb etish hamda iqtidorli sportchilarni tarbiyalashdagi ahamiyati e’tirof etildi.
Shundan so‘ng Buxoro viloyatida yengil atletika bilan shug‘ullanayotgan yoshlar uchun yaratilgan sharoitlar, sportchilarning mashg‘ulot jarayonlari va erishayotgan natijalari o‘rganildi. Sport sohasi mas’ullari hamda atletlar bilan muloqot chog‘ida viloyatda yengil atletikani rivojlantirish, yosh iste’dodlarni qo‘llab-quvvatlash va xalqaro musobaqalarga tayyorgarlik masalalari muhokama qilindi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, viloyat sportchilarining musobaqalarda erishayotgan natijalari ham e’tiborga molik. Jumladan, 2025-yilda respublika miqyosidagi musobaqalarda 50 ta, “Prezident Olimpiadasi”da esa 10 ta medal qo‘lga kiritilgan.
Uchrashuvda 2028-yilda Los-Anjeles shahrida bo‘lib o‘tadigan yozgi Olimpiya o‘yinlariga tayyorgarlik masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi. Yengil atletikaning sakkizta yo‘nalishi bo‘yicha saralangan istiqbolli sportchilarning tayyorgarligi, mavjud ehtiyojlari va kelgusidagi vazifalar yuzasidan fikr almashildi.
Uchrashuvlar davomida sport infratuzilmasini rivojlantirish, yosh sportchilar uchun yaratilgan imkoniyatlarni kengaytirish va ularning salohiyatini ro‘yobga chiqarish masalalarining ahamiyati qayd etildi. Bunday uchrashuvlar hududlardagi mavjud imkoniyatlarni o‘rganish, yoshlar tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash va samarali hamkorlikni rivojlantirishga xizmat qiladi.







