Bojxona qoʻmitasining Jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari bilan aloqalar boʻlimi boshligʻi H.Tangriyev Buxoro viloyatida chorvachilik bilan shugʻullanayotgan fermer-xoʻjaliklarida boʻlib, bojxona sohasida ularga koʻrsatilayotgan qulayliklar va imtiyozlar bilan yaqindan tanishdi
Respublikamizda chorvachilik tarmogʻi korxonalariga har tomonlama yordam koʻrsatish, xususan, ozuqa bazasini koʻpaytirish va naslchilikni yaxshilashga qaratilgan chora-tadbirlarda bojxona sohasidagi qulayliklar va imtiyozlar alohida ahamiyat kasb etadi.
Bunda Davlatimiz Rahbarining joriy yil 21-maydagi PQ-179-son qarori bilan xorijiy davlatlardan nalsdor qoramol, qoʻy va echkilarni Oʻzbekistonga olib kirishda 2029-yil 1-yanvarga qadar qoʻshilgan qiymat soligʻidan ozod etilgani hal qiluvchi rol oʻynamoqda.
Mazkur qaror tadbirkorlar uchun moliyaviy yengillik yaratish, chorvachilik tarmogʻiga ilgʻor genetik imkoniyatlarni jalb etish va naslchilik yoʻnalishidagi fermer xoʻjaliklarini qoʻllab-quvvatlashga xizmat qilmoqda.
Hujjatga muvofiq, hozirga qadar 36 ta tadbirkorlik subyektining xorijdan olib kelingan 3723 bosh naslor qoramol, qoʻy va echkilariga 18,2 mlrd. soʻm bojxona toʻlovlaridan imtiyoz qoʻllanilgan.
Bunda bojxona organlari tomonidan import jarayonlarida amaldagi qonunchilik talablariga muvofiq bojxona imtiyozlarini qoʻllash, ulardan foydalanish shartlari va tartiblari yuzasidan tadbirkorlarga tushuntirishlar berish, hujjatlarning toʻgʻri rasmiylashtirilishi hamda bojxona rasmiylashtiruvi jarayonlarining belgilangan talablar asosida tashkil etilishi import operatsiyalarini tezkor va samarali amalga oshirishga yordam bermoqda.
Chorvachilik tarmogʻida Buxoro viloyatidagi tadbirkorlar ham alohida jonbozlik koʻrsatmoqda.
Masalan, Romitan tumanidagi “Hamro Toʻxta” va Buxoro tumanidagi “Sultonsherjahon” fermer xoʻjaliklari tomonidan joriy yilda Avstriyadan havo yoʻllari orqali 80 boshga yaqin “Simental” va “Shved” zotiga mansub nasldor qoramollar olib kelinib, bojxona toʻlovlaridan 540 mln. soʻmdan ziyod imtiyozllar qoʻllanildi.
Kogon tumanidagi “Imperial Nasl” fermer xoʻjaligiga esa Angliyadan keltirilgan 165 bosh “Simental” zotiga mansub qoramollar uchun bojxona toʻlovlaridan 1 mlrd. 44 mln. soʻmdan ziyod imtiyoz qoʻllanildi.
Qoʻllanilayotgan imtiyozlar natijasida tadbirkorlarning moliyaviy yuki yengillashib, tejalgan mablagʻlarni chorva mollarini parvarishlash, ozuqa bazasini mustahkamlash, moddiy-texnik imkoniyatlarni kengaytirish va ishlab chiqarish samaradorligini oshirishga yoʻnaltirish imkoniyati paydo boʻlmoqda.
Post #75333
2.1K








