#xalqaro_hamkorlik
Bojxona qo‘mitasi Raisi A.Mavlonovning Turkiy davlatlar tashkilotiga aʼzo davlatlar bojxona xizmatlari rahbarlarining 12-yig‘ilishidagi ishtiroki ikki tomonlama uchrashuvlarga ham boy bo‘lmoqda.
Bugunning o‘zida O‘zbekiston Respublikasi Bojxona qo‘mitasi Raisi Ozarbayjon Davlat bojxona qo‘mitasi raisi Sh.Bagirov, Qozog‘iston Respublikasi Moliya vazirligi Davlat daromadlari qo‘mitasi raisi J.Duysembiyev hamda Qirg‘iziston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat bojxona xizmati raisi U.Kimsanov bilan ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazdi.
Uchrashuvlarda mamlakatlar bojxona xizmatlari o‘rtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash, bojxona nazorati samaradorligini oshirish, chegara o‘tkazish punktlarining o‘tkazuvchanlik qobiliyatini kengaytirish va xalqaro yuk tashish jarayonlarini jadallashtirish masalalari muhokama qilindi.
Xususan, Ozarbayjon tomoni bilan kinologiya sohasidagi amaliy hamkorlikni rivojlantirish, xizmat itlarini tayyorlash hamda giyohvandlik vositalari, portlovchi moddalar va kontrabanda predmetlarini aniqlash bo‘yicha tajriba almashish istiqbollariga eʼtibor qaratildi.
Shuningdek, ikki davlat bojxona xizmatlari o‘rtasida Hamkorlik rejasi imzolandi.
Qozog‘iston bilan muzokaralarda chegara o‘tkazish punktlarining imkoniyatlarini kengaytirish, transport oqimlarini samarali tashkil etish, avtomobil va temir yo‘l orqali yuk tashish jarayonlarini muvofiqlashtirish hamda chegaraoldi infratuzilmasini rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqildi.
Qirg‘iziston tomoni bilan esa "Xitoy — Qirg‘iziston — O‘zbekiston" yo‘nalishida ortib borayotgan yuk tashish hajmidan kelib chiqib, chegaradagi transport oqimlarini maqbul taqsimlash va o‘tkazish punktlaridagi yuklamani kamaytirish bo‘yicha takliflar muhokama qilindi.
Jumladan, muqobil yo‘nalishlardan foydalanish, qo‘shma nazoratni takomillashtirish, raqamli texnologiyalarni keng joriy etish va axborot almashinuvini rivojlantirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.
Shuningdek, 2027–2028 yillarga mo‘ljallangan Hamkorlik bo‘yicha yo‘l xaritasi imzolandi.
Mazkur uchrashuvlar davomida ilgari surilgan tashabbuslar mintaqada bojxona hamkorligini yanada rivojlantirish, chegaradan o‘tish jarayonlarini soddalashtirish, tadbirkorlar uchun qulay sharoitlar yaratish va o‘zaro savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.
Post #75294
2.35K
