#Matbuot_anjumani
Anjumanda Bojxona qo‘mitasi tomonidan ishlab chiqilgan “Integratsiyalashgan tarif” interaktiv xizmatining yangi versiyasi jurnalistlarga taqdimot qilindi.
Unga ko‘ra, endi biron tovarning bojxona to‘lovi qancha bo‘lishini va qanday hujjatlar kerakligini bilish uchun, o‘sha tovarni shunchaki telefonda rasmga olishning o‘zi kifoya!
Hozirgi kunda tashqi savdo bilan shug‘ullanayotgan tadbirkor borki, tovarni O‘zbekistonga olib kirish yoki olib chiqishda qanday talablar mavjudligi, qancha bojxona to‘lovi amalga oshirilishi va qanday hujjatlar talab etilishini oldindan bilishni istaydi.
Shu nuqtayi nazardan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 25 martdagi PF-57-son Farmoni talablari asosida Bojxona qo‘mitasi tomonidan "Integratsiyalashgan tarif" interaktiv xizmatining yangi versiyasi ishlab chiqildi.
Yangi versiyada zamonaviy texnologiyalar, jumladan, sun’iy intellekt elementlaridan foydalangan holda axborot qidirish, tarif va notarif choralarni bilish imkoniyati joriy etilgan.
Anjumanda “Bojxona auditi” axborot tizimiga sun’iy intellekt asosida joriy qilinayotgan “AI-tahlil” imkoniyatlari haqida ham so‘z yuritildi.
Zamonaviy bojxona nazorati tovar chegaradan o‘tgani bilan tugamaydi. Tovar erkin muomalaga chiqarilgandan keyin ham uning ma’lumotlari tahlil qilinishi va zarur hollarda bojxona auditi o‘tkazilishi mumkin.
Bugungi kunda bojxona auditi xavfga asoslangan yondashuv asosida amalga oshirilmoqda. Ya’ni, barcha tadbirkorlarni bir xil tekshirish emas, balki xavfli va shubhali holatlarga e’tibor qaratiladi.
2026-yilda respublika bo‘yicha 603 ta bojxona auditi o‘tkazildi. Ularning natijasida 660,3 mlrd so‘mlik qo‘shimcha bojxona to‘lovlari aniqlandi va 478,9 mlrd so‘mi undirildi.
Lekin endi asosiy maqsad faqat qo‘shimcha to‘lovlarni undirish emas. Balki, endilikda bojxona auditi profilaktikaga yo‘naltirilmoqda.
Ya’ni, kamchilik aniqlansa, avvalo tadbirkorga bu haqda xabar beriladi va uni mustaqil ravishda bartaraf etish imkoni yaratiladi. Bu – “maslahatchi-auditor” tamoyilining asosiy mazmuni hisoblanadi.
Anjuman yakunida jurnalistlar o‘zlarini qiziqtirgan barcha savollarga atrofilcha javoblar olishdi.
Post #75179
2.37K







