Buxoroda yadroviy kontrabandaga qarshi xalqaro o‘quv kursi yakunlandi
Buxoro shahrida O‘zbekiston Respublikasi Bojxona qo‘mitasi hamda AQSH Energetika vazirligining Yadroviy kontrabandani aniqlash va oldini olish boshqarmasi hamkorligida tashkil etilgan yadroviy va boshqa radioaktiv materiallarning noqonuniy aylanishiga qarshi kurashishga bag‘ishlangan qo‘shma o‘quv kursi muvaffaqiyatli yakunlandi.
To‘rt kun davom etgan xalqaro o‘quv mashg‘ulotlari Bojxona qo‘mitasi Raisining AQSHga tashrifi davomida erishilgan kelishuvlarning amaliy ijrosi sifatida tashkil etildi. Kurs AQSH Energetika vazirligining xalqaro ekspertlari tomonidan olib borildi.
Mashg‘ulotlar davomida radiatsion xavflarni baholash, yadroviy va radioaktiv materiallarni aniqlash, zamonaviy radiatsion nazorat vositalaridan foydalanish, xalqaro standartlar hamda idoralararo hamkorlik mexanizmlariga oid nazariy va amaliy bilimlar berildi.
Unda 11 ta vazirlik va idora vakillari ishtirok etib, stasionar portal monitorlari, mobil aniqlash tizimlari, radioizotop identifikatorlari hamda shaxsiy radiatsiya detektorlari bilan ishlash bo‘yicha amaliy ko‘nikmalarini mustahkamladi.
Shuningdek, shtab-stol mashg‘ulotlari doirasida radiatsion hodisalarga oid real vaziyatlarga yaqin ssenariylar asosida tezkor qaror qabul qilish, axborot almashish, vakolatlarni muvofiqlashtirish va dalillar zanjiri daxlsizligini ta’minlash masalalari amaliy jihatdan ko‘rib chiqildi.
Kurs yakunlari bo‘yicha bojxona organlarining ichki SOP yo‘riqnomalarini takomillashtirish, radiatsion nazorat uskunalarini modernizatsiya qilish, mutaxassislar malakasini muntazam oshirib borish, Yadro fizikasi instituti bilan ekspert hamkorligini kuchaytirish hamda hamkor idoralar bilan qo‘shma amaliy mashg‘ulotlarni yo‘lga qo‘yish yuzasidan takliflar ishlab chiqildi.
Tadbir yakunida o‘quv kursini muvaffaqiyatli tamomlagan ishtirokchilarga sertifikatlar topshirildi.
Mazkur o‘quv kursi mamlakatimizda yadroviy va radiatsiyaviy xavfsizlikni ta’minlash, chegara nazorati samaradorligini yanada oshirish hamda ilg‘or xalqaro tajribalarni milliy amaliyotga joriy etish yo‘lidagi muhim amaliy qadam bo‘ldi.






