Jizzaxda tadbirkorlik subyektlari vakillariga vakolatli iqtisodiy operator maqomining afzalliklari tushuntirildi
Tadbirda Bojxona qoʻmitasining Tadbirkorlar faoliyatini qoʻllab-quvvatlash boshqarmasi masʼullari ishtirok etib, mazkur maqomni olish uchun qoʻyiladigan talablar, ariza topshirish va koʻrib chiqish tartibi, shuningdek maqom egalariga taqdim etiladigan yengilliklar haqida tushuntirishlar berdilar.
Taʼkidlanganidek, Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 4-avgustdagi 430-son qarori bilan “Vakolatli iqtisodiy operatorlar toʻgʻrisida”gi nizomning yangi tahriri tasdiqlangan. Mazkur hujjat tashqi iqtisodiy faoliyatda oʻzini ishonchli hamkor sifatida namoyon etgan tadbirkorlik subyektlarini qoʻllab-quvvatlash, bojxona tartib-taomillarini soddalashtirish hamda tashqi savdo operatsiyalari samaradorligini oshirishga xizmat qilmoqda.
Qoʻmita masʼullari tomonidan vakolatli iqtisodiy operator maqomini olish uchun murojaat qilgan “Mono Electric” MCHJ faoliyati ham oʼrganildi. Mutaxassislar korxonaning ishlab chiqarish va logistika salohiyati, tashqi iqtisodiy faoliyat koʻrsatkichlari hamda bojxona qonunchiligi talablariga rioya etish holatini koʻzdan kechirib, belgilangan mezonlar yuzasidan zarur tavsiyalar berishdi.
Uchrashuvda tadbirkorlar oʻzlarini qiziqtirgan savollarga javob olib, vakolatli iqtisodiy operator maqomining amaliy afzalliklari, bojxona rasmiylashtiruvida yaratiladigan qoʻshimcha qulayliklar hamda mazkur maqomni olish jarayoni boʻyicha fikr almashildi.









