Bojxona qo‘mitasi Raisining birinchi o‘rinbosari G'.Nasirov viloyatda bo‘lib, “Keskanyor” chegara bojxona posti faoliyatini qayta tiklash hamda mazkur hududda bojxona nazoratini tashkil etish bilan bog‘liq masalalarni o‘rgandi. Postni qayta ishga tushirishning ahamiyati, mavjud infratuzilma va kelgusida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ishlar muhokama qilindi.
Mazkur chegara bojxona posti O‘zbekiston va Qirg‘iziston Respublikasi Hukumati o‘rtasida 2004-yil 24-iyulda imzolangan Bitimga asosan ikki tomonlama o‘tkazish punkti maqomiga ega bo'ladi.
Hozirgi vaqtda “Keskanyor” hamda “Do‘stlik” chegara bojxona postlari o‘rtasidagi avtomobil yo‘li masofasi 50 kilometrni tashkil etadi. Mazkur post faoliyatining qayta yo‘lga qo‘yilishi Xitoy–Qirg‘iziston–O‘zbekiston yo‘nalishidagi avtomobil tashuvlari uchun muqobil yo‘nalish yaratish, transport oqimini samarali taqsimlash hamda chegara hududidagi tirbandliklarni kamaytirishga xizmat qilishi kutilmoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, ayni vaqtda “Do‘stlik” chegara bojxona posti orqali O‘zbekistonga kirish yo‘nalishida sutkasiga o‘rtacha 585 ta yuk avtomobili harakatlanmoqda. Kelgusida “Keskanyor” chegara bojxona postining kirish yo‘nalishida sutkasiga 1 000 tagacha yuk avtomobilini qabul qilish imkoniyatini yaratish rejalashtirilmoqda.
O‘rganish jarayonida bojxona posti faoliyatini qayta tiklash bilan bog‘liq masalalarni bosqichma-bosqich hal etish, zarur infratuzilmani shakllantirish hamda bojxona nazoratini zamonaviy talablar asosida tashkil etish yuzasidan tegishli tavsiyalar berildi.



