1-oktabr — O‘qituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan Buxoro viloyati IIB huzuridagi Tergov boshqarmasi hamda uning quyi tergov bo‘linmalarida ko‘p yillar davomida samarali xizmat qilgan, soha rivojiga munosib hissa qo‘shgan faxriy tergov xodimlari holidan xabar olindi.
Tashriflar davomida faxriylar bilan samimiy uchrashuvlar o‘tkazilib, ularning ichki ishlar organlaridagi ko‘p yillik xizmat faoliyati, kasbiy tajribasi va yosh xodimlarni tarbiyalashdagi munosib hissasi alohida e’tirof etildi.
Muloqot chog‘ida faxriylar xizmat yillarida orttirgan boy tajribalari, tergovchilik kasbining o‘ziga xos jihatlari hamda vazifalarni sidqidildan bajarish, qonun ustuvorligi va adolat tamoyillariga amal qilish borasidagi hayotiy saboqlari bilan o‘rtoqlashdilar.
Tadbirda ustoz-shogird an’analarini davom ettirish, faxriy xodimlarning boy tajribasidan samarali foydalanish va yosh tergovchilarni kasbiy hamda ma’naviy jihatdan tarbiyalash muhim vazifalardan biri ekani ta’kidlandi.
Yakunda faxriylarga chuqur ehtirom ko‘rsatilib, ularga mustahkam sog‘lik, uzoq umr, oilaviy xotirjamlik va fayzu baraka tilandi.
Zero, ustozlarni qadrlash — ularning ko‘p yillik fidokorona mehnatiga hurmat ko‘rsatish, boy tajribasini avlodlarga yetkazish va kasb an’analarini munosib davom ettirish demakdir.
🇺🇿 Rasmiy sahifalarimizni kuzatib boring:
Sayt|Telegram|Facebook|Instagram|YouTube


