Buxoro viloyati IIB rahbariyatining shaxsiy qabulida 30 ga yaqin murojaatlar ko'rib chiqildi
Buxoro viloyati IIB boshlig‘ining o‘rinbosari — Tergov boshqarmasi boshlig‘i ishtirokida o'tkazilgan navbatdagi qabul fuqarolar bilan ochiq muloqot qilishning yorqin amaliy ifodasi bo'ldi. Ushbu jarayonda har bir masalaga inson taqdiri nuqtai nazaridan yondashilib, aholining qonuniy manfaatlarini ta'minlash va huquqlarini himoya qilish bosh maqsad qilib olindi.
Samimiy ruhda kechgan tadbirda 30 ga yaqin fuqarolarning murojaatlari batafsil eshitildi. Ushbu muloqot maydoni odamlarni bezovta qilayotgan turli muammolarga qonuniy va tezkor yechim topish imkonini berdi.
Qabulga kelganlarning aksariyati firibgarlik holatlaridan jabr ko'rgan va o'z mulkini qaytarishda amaliy yordam so'ragan fuqarolar bo'ldi. Bundan tashqari, tergovga qadar tekshiruv hamda dastlabki tergov jarayonlarining xolisligini ta'minlash, oilaviy kelishmovchiliklar, shuningdek, yo‘l harakati xavfsizligi masalalariga oid e'tiroz va takliflar chuqur tahlil qilinib, qonuniy tushuntirishlar berildi.
Muloqotning e'tiborli tomoni shundaki, bildirilgan muammolarning aksariyati rahbariyatning aralashuvi bilan shu yerning o'zida ijobiy hal etildi. Qo'shimcha o'rganish va huquqiy baho berish talab etiladigan murakkab holatlar yuzasidan tegishli sohaviy xizmat rahbarlariga aniq topshiriqlar berilib, ularning ijrosi alohida nazoratga olindi.
Ochiqlik va shaffoflik prinsiplari asosida tashkil etilgan bu kabi sayyor qabullar inson huquqlarini himoya qilishning amaliy namunasi hisoblanib, xalq hamda davlat idoralari o'rtasidagi ishonchni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
🇺🇿 Rasmiy sahifalarimizni kuzatib boring:
Sayt|Telegram|Facebook|Instagram|YouTube









