Apple birinchi marta O‘zbekistonda 1-o‘ringa chiqdi — chunki odatlar o‘zgaryapti
2025-yilda O‘zbekistonda QQS to‘laydigan xorijiy internet kompaniyalar qariyb 1,5 trln so‘mlik xizmat ko‘rsatgan.
Eng qiziq joyi — birinchi o‘ringa Apple chiqdi: 413 mlrd so‘m.
Bu yerda gap faqat raqamli xizmatlar haqida: iPhone, MacBook, AirPods kabi qurilmalar savdosi kirmaydi.
Bunaqasi birinchi marta bo‘lyapti, chunki oldin doim Meta yetakchi edi.
Lekin Meta (Instagram, Facebook) — bu asosan reklama. Ya’ni kompaniyalar sarflaydigan pul.
Apple’da esa ko‘proq obunalar, pullik servislar, ilova ichidagi xaridlar. Ya’ni, foydalanuvchilar sarflaydigan pul. Va 2025-yilda aynan shu yo‘nalishda xarajatlar sezilarli oshdi.
Masalan, Telegram Premium yoki Netflix’ni “market”lar orqali oladiganlar ko‘paydi.
Eng ko‘zga tashlanadigan misol — OpenAI.
Bizning baholashimizcha, O‘zbekistonda ChatGPT uchun pul to‘laydiganlar 30 mingga chiqib bo‘ldi. Holbuki, yaqinda bu raqam uch baravar kam edi.
Sabablar oddiy.
Birinchidan, to‘lash osonlashdi. Oldin alohida valyuta kartasi ochish kerak edi, hozir esa bitta karta bilan ham so‘mda, ham dollarda to‘lash mumkin (masalan, Uzum Visa).
Ikkinchidan, 2025-yilda aholi jon boshiga real daromadlar (inflyatsiyani hisobga olganda) 7,2 foizga o‘sdi.
Lekin eng muhimi — munosabat o‘zgaryapti. Oldin “ilova uchun pul to‘lash kerakmi?” deb yurgan odamlar ham endi obuna olishyapti, servisga pul to‘lashyapti.
Shuning uchun App Store va Google Play aylanmasi shunchalik tez o‘smoqda.
Bu O‘zbekistonda raqamli servis qilayotgan hamma uchun yaxshi signal: ilova bo‘ladimi, sayt bo‘ladimi, boshqa mahsulot bo‘ladimi — odamlar asta-sekin “bepul bo‘lishi shart” degan fikrdan chiqyapti.
Rasm: TechRadar
@beshtorr
#mobayl #bozor
Post #227
6.56K

- 👍 28
- ❤ 9
- 💯 5
- 👎 2
- 🔥 1
- 🤔 1
- 🦄 1