Erkinjon Turdimov tayinlovi haqida fikrlar turli tuman. Bu shunchaki ajoyib! Jumladan mening ham quyidagi fikrlarimni faqat shaxsiy pozitsiyam sifatida qabul qilinishini so'rayman.
Bizning shu paytgacha qilib kelgan eng katta xatomiz yaxshi o'qituvchini direktor, yaxshi jarrohni vazir, yaxshi muhandisni boshliq qilganimiz bo'ldi. Ko'p hollarda ular rahbarlikda ham kutilgan natija berishmadiyu, jamiyat yaxshi bitta mutaxassisdan judo bo'lgani qoldi.
Rahbar tugul har qanday odam ham hamma narsani bilavermasligi aniq. Bugun Turdimovdan ta'limda tajriba izlayotganlar bor. Lekin, avvalgilarida tajriba bor edi ku! Natija nima bo'ldi? Ta'lim va tibbiyot eng ko'p norozilik uyg'otgan sohalarga aylanib bo'ldi. Ayrim hollarda bu inqirozlar dunyo mediasida ham aks-sado berdi.
Mening fikrimcha, bu sohaga yaxshi menejer kerak. Quyi qatlamning kutuvlarini yaxshi biladigan rahbar kerak. Turdimov shu nuqtagacha quyi bo'g'inda ko'rmagan bilmagani qolmadi hisob. U oddiy odamlarni yaxshi biladi, eshitgan, ko'rgan. Shuning uchun ham undan aynan oddiy ta'lim ishtirokchilariga manfaatli tashabbuslar kutishga haqlimiz.
Ish ko'p! Avvalo ta'lim maskanlarida xavfsiz muhit yaratish, ustozlar qadrini yuksaltirish (maktab da ku hartugul yaxshi, bog'chalar hali islohotga muhtoj), yangi maktab va bog'chalarni aholi soni nisbatiga yetkazish, oliy ta'limni mehnat bozori talablari asosida joriy qilish... ehheee. Erkin akaga oson bo'lmaydi. Lekin, uni shu kursiga munosib ko'rishibdimi, demak eplashiga ishonishgan.
Yana bir gap, fikri ojizimcha Turdimovning asosiy missiyasi --ta'lim va tibbiyot sohasi imijini yaxshilash. Hokim sifatida eng ijobiy imij shakllantirgani, har ketganida aholi xafa bo'lganini ko'rganmiz. Bu shunchaki piarning ishi emas. Bu -- katta iroda, tinimsiz mehnat! Xuddi shu jarayon endi vazir sifatida davom etsa kerak.
Shu paytgacha ta'lim va sog'liqni saqlash sohasidagi "negativ"lar nafaqat soha balki davlat imijiga ham ta'sir ko'rsatgani kunday ravshan. Endi bu dog'larni Turdimov ketkazishiga umid qilinmoqda.
Yangi vazir endi ma'lum hudud emas balki mamlakat, hatto dunyo miqyosida fikrlashi, atrofiga ham shundaylarni yig'ishi foydali bo'ladi. Endi uning qarorlari shaxslar va hududlar chegarasidan oshadi. Aytgan gaplari hudud emas mamlakat nomidan, millionlar tilidan bo'ladi.
Erkin Turdimovga katta siyosatda kuch va sabr tilayman!
Efirda "Tag'o taym"
@hamzajumayev