Diyora Keldiyorova: hozir men butunlay boshqa, yangi Diyoraman
Dzyudo bo‘yicha Parij Olimpiadasi chempioni Diyora Keldiyorova Qozog‘istonning Aqtau shahrida o‘tkazilgan xalqaro turnirda oltin medalni qo‘lga kiritgach, jurnalistlarga o‘z taassurotlari bilan o‘rtoqlashdi.
52 kilogrammgacha vazn toifasida ishtirok etgan hamyurtimiz musobaqa davomida barcha raqibalarini ippon bahosi bilan mag‘lub etdi. Finalda esa ozarbayjonlik Farida Mirzayeva ustidan ishonchli g‘alabaga erishdi.
«Ochig‘ini aytsam, Parij Olimpiadasidan oldingi sport formamga to‘liq qaytdim, deya olmayman. Hozir men butunlay boshqa, yangi Diyoraman. Ona sifatida yanada nazokatli bo‘ldim. Ammo o‘zimni juda yaxshi his qilyapman. Men uchun eng muhimi — dzyudodan zavq olish. Bu sportni sevaman va u bilan yashayman», dedi Keldiyorova.
Sportchi onalik mas’uliyati uning hayotida alohida o‘rin tutishini ham ta’kidladi.
«Qizim uchun eng muhimi — yonida bo‘lishim, uni bag‘rimga bosishim. Hozir unga shunchaki onasi kerak. U hali mening qanday sportchi ekanligimni anglamaydi. Balki ulg‘aygach, barchasini tushunib yetar», deya qo‘shimcha qildi chempion.
Aqtau turniridagi muvaffaqiyat Keldiyorovaga jahon reytingi uchun 100 ochko taqdim etdi.
Diyora Keldiyorova 2024-yilgi Parij Olimpiadasida oltin medalni qo‘lga kiritganidan so‘ng farzandli bo‘lishi munosabati bilan yirik xalqaro musobaqalarda qatnashmay kelayotgan edi.
🏦O‘zbek va jahon sportiga oid eng so‘nggi yangiliklar: @Uzasport
Post #6466
1.09K

- 🔥 4
- ❤ 2
- 👍 1
- 😁 1