🇦🇿 Ozarbayjonning «Sabah» klubida faoliyat yuritayotgan o‘zbekistonlik yarim himoyachi Umarali Rahmonaliyev UEFA Chempionlar ligasi umumiy bosqichining 2-turida Chexiyaning «Slaviya Praga» jamoasi ustidan qozonilgan 2:0 hisobidagi g‘alabadan so‘ng jurnalistlarga intervyu berdi.
Hamyurtimiz uchrashuvga tayyorgarlik, jamoaning navbatdagi bahslardagi maqsadlari hamda o‘zbekistonlik muxlislarning qo‘llab-quvvatlashi haqida fikr bildirdi.
Rahmonaliyevning ta’kidlashicha, «Sabah» futbolchilari «Slaviya»ga qarshi bahsga jamoaviy tarzda tayyorgarlik ko‘rgan. Shuningdek, yarim himoyachi oldinda yanada murakkab raqiblarga qarshi uchrashuvlar kutayotganini qayd etdi.
«Oldimizdagi uchrashuvlarga jiddiy tayyorgarlik ko‘ryapmiz. Keyingi o‘yinlarda bizni kuchliroq raqiblar kutmoqda.
Men o‘yinlardan oldin natijalar haqida gapirmayman. Natija faqat Allohdan. Biz uchrashuvlarga 100 foiz emas, 200 foiz tayyor bo‘lamiz. Maydonning har bir metrida bor kuchimiz va yuragimiz bilan harakat qilamiz. Natija qanday bo‘lishini oldindan bilmaymiz»,
— dedi Rahmonaliyev.
🇺🇿 O‘zbekistonlik futbolchi Boku shahrida o‘tkazilgan uchrashuvda hamyurtlarimizning stadionga tashrif buyurganiga ham alohida to‘xtaldi.
«Bugungi o‘yinda bizni qo‘llab-quvvatlash uchun o‘zbekistonlik birodarlarimiz ham kelishdi. O‘ylaymanki, keyingi uchrashuvlarda ularning soni yanada ko‘payadi»
— deya qo‘shimcha qildi yarim himoyachi.
Eslatib o‘tamiz, 13-oktabr kuni bo‘lib o‘tgan «Sabah» — «Slaviya Praga» uchrashuvi mezbonlarning 2:0 hisobidagi g‘alabasi bilan yakunlandi. Umarali Rahmonaliyev mazkur bahsni asosiy tarkibda boshladi.
🏦O‘zbek va jahon sportiga oid eng so‘nggi yangiliklar: @Uzasport
