TGViewer
UzA | Sport UzA | Sport @uzasport · 9.54K subscribers
Post #6302 1.63K
«Paxtakor» «Al Qodisiya»ga qarshi bahs oldidan: Karas va Resan nimalar dedi?

Elit Osiyo Chempionlar ligasining 2-turidan o‘rin olgan «Paxtakor» – «Al Qodisiya» uchrashuvi oldidan matbuot anjumani tashkil etildi.

Unda toshkentliklar murabbiylar shtabi a’zosi Emilian Karas hamda jamoa yarim himoyachisi Bashar Resan ishtirok etib, bo‘lajak bahs, raqibning imkoniyatlari va «Paxtakor»ning tayyorgarligi haqida fikr bildirdi.

«Chempionlar ligasining Toshkentga qaytganidan xursandmiz»

Emilian Karas avvalo xalqaro musobaqa o‘yinining yana Toshkentda o‘tkazilayotganidan mamnunligini bildirib, muxlislarni jamoani qo‘llab-quvvatlashga chaqirdi.

«Chempionlar ligasining Toshkentga qaytganidan xursandmiz. Oldimizda kuchli raqibga qarshi muhim uchrashuv turibdi. Muxlislar stadionga kelib, jamoani qo‘llab-quvvatlashiga umid qilamiz.

Raqib tarkibida Yevropa va Amerikadan katta mablag‘ evaziga jalb qilingan yuqori saviyali futbolchilar bor. Ularning bosh murabbiyi ham «Liverpul» va «Seltik» kabi klublarda ishlagan tajribali mutaxassis. Shu sababli juda kuchli va raqobatbardosh jamoaga qarshi maydonga tushishimizni yaxshi tushunib turibmiz», dedi Karas.

«Al Qodisiya» chempionatdagi eng yaxshi jamoalardan biri

«Paxtakor» murabbiyi Saudiya Arabistoni klubining hozirgi holatiga ham yuqori baho berdi.

Uning fikricha, «Al Qodisiya» ayni paytda mamlakat chempionatida «Al Hilol» bilan bir qatorda eng sifatli futbol namoyish etayotgan jamoalardan biri hisoblanadi.

«Ular hozir turnir jadvalida ikkinchi o‘rinda bormoqda. Menimcha, «Al Hilol» bilan birga chempionatdagi eng yaxshi futbolni ko‘rsatyapti.

Shunga qaramay, biz ham o‘yinga jiddiy tayyorgarlik ko‘ryapmiz. Yaxshi futbol ko‘rsatib, eng muhimi, ijobiy natija qayd etishga harakat qilamiz», dedi mutaxassis.

Bashar Resan: «Qiyin o‘yin bo‘lishini barcha tushunib turibdi»

«Paxtakor» yarim himoyachisi Bashar Resan ham «Al Qodisiya»ning so‘nggi mavsumlarda Saudiya Arabistonidagi eng kuchli jamoalardan biriga aylanganini ta’kidladi.

Uning aytishicha, terma jamoalar ixtiyorida bo‘lgan bir qator futbolchilar yaqinda klub safiga qaytgan va asosiy e’tibor ularni tiklashga qaratilgan.

«Albatta, qiyin uchrashuv bo‘ladi. Raqibimiz so‘nggi ikki mavsumda Saudiya Arabistonining eng kuchli jamoalaridan biri sifatida o‘zini ko‘rsatib kelmoqda.

Biz ham, ular ham yaqinda chempionat o‘yinini o‘tkazdik. Jamoamizning yetti nafar futbolchisi milliy terma jamoalar ixtiyorida bo‘ldi. Ular O‘zbekiston, Iroq va boshqa mamlakatlarga safar qildi. Shu bois qaytib kelgan futbolchilarning tiklanishiga alohida e’tibor qaratildi.

Hozir barchamiz o‘yinga tayyormiz. Ertaga muxlislarimizni stadionda kutamiz. Inshaalloh, yaxshi natijaga erishamiz», dedi Resan.

Birinchi turdan farqli o‘yin rejasi

Matbuot anjumanida «Paxtakor»ning birinchi turdagi safar uchrashuvi bilan «Al Qodisiya»ga qarshi bahsdagi yondashuv o‘rtasidagi farq haqida ham so‘raldi.

Karas bu ikki uchrashuvni bir-biri bilan taqqoslash to‘g‘ri emasligini ta’kidladi.

«Bu safar yondashuv boshqacha bo‘ladi. Chunki o‘z maydonimizda, muxlislarimiz qarshisida o‘ynaymiz.

Birinchi turdagi raqibimizning o‘ziga xos muammolari bor edi. Hozirgi raqib esa juda yaxshi holatda. Ular ketma-ket g‘alaba qozonmoqda va raqiblaridan ustunlik qilib kelyapti.

«Al Qodisiya» boshqa taktik sxema asosida harakat qiladi. Bundan tashqari, ularning tarkibi bir-biri bilan ancha yaxshi o‘ynashib ketgan. Lekin bizning ham bu uchrashuv uchun o‘z rejamiz bor va ijobiy natija uchun harakat qilamiz», dedi murabbiy.

Darvozabonlar o‘rtasidagi raqobat muammo emas

Birinchi turda Vladimir Nazarovning asosiy tarkibda maydonga tushgani va navbatdagi uchrashuvda kim darvozani qo‘riqlashi haqidagi savolga Karas aniq javob berishdan tiyildi.

Uning ta’kidlashicha, «Paxtakor»da Sanjar Quvvatov va Vladimir Nazarovdek bir-biriga munosib raqobatchi bo‘la oladigan ikki darvozabon mavjud.

«Bizda ikkita kuchli va deyarli teng saviyadagi darvozabon bor. Bu jamoa uchun juda yaxshi holat, chunki o‘zaro raqobat ularning rivojlanishiga yordam beradi.

Ikkalasi ham uchrashuvga tayyorgarlik ko‘ryapti. Kim maydonga tushishini o‘yin oldidan hal qilamiz. Darvozada kim o‘ynashi biz uchun muammo emas», dedi Karas.

«Al Qodisiya»ning himoyachilari ham hujumda faol

Karas raqibning kuchli va zaif jihatlari tahlil qilinganini aytib, o‘yindan oldin taktik rejaning barcha tafsilotlarini ochiqlashni istamasligini bildirdi.

«Har bir jamoaning kuchli va zaif tomonlari bo‘ladi. Hozir ular haqida batafsil gapirishni istamayman. O‘yindan keyin muhokama qilsak bo‘ladi.

Eng muhimi, har bir futbolchimiz maydonda nima qilishini aniq bilishi kerak. Raqib hujumkor futbol ko‘rsatadi, oldingi chiziqda kuchli ijrochilari bor. Hatto himoyachilari ham hujumlarga juda faol qo‘shiladi», dedi u.

Bashar Resan «Persepolis»ga qaytishi haqidagi xabarlarga munosabat bildirdi

So‘nggi paytlarda Eron matbuotida Bashar Resanning sobiq jamoasi «Persepolis»ga qaytishi mumkinligi haqida xabarlar tarqalmoqda.

Iroqlik futbolchi esa hozir barcha fikrini «Paxtakor» bilan mavsumni muvaffaqiyatli yakunlashga qaratganini ta’kidladi.

«Hozir bor e’tiborimni faqat «Paxtakor»ga qaratganman. Amaldagi shartnomam bor va jamoa bilan O‘zbekiston chempionligi uchun kurashyapmiz. Bu maqsadga juda yaqinmiz. Shuningdek, Chempionlar ligasida ham muhim o‘yinimiz bor.

Shartnomam dekabrda yakuniga yetadi. Shu sababli turli klublardan qiziqish bo‘lishi tabiiy. Lekin hozir bu gaplarni bir chetga surib, jamoamga yordam berishni o‘ylayapman.

Biz «Paxtakor»miz va O‘zbekistonda eng yuqori o‘rinlar uchun kurashishimiz kerak. Jamoam va sheriklarim uchun bor kuchimni berishga tayyorman. Kelajagim haqida esa vaqti kelganda gaplashamiz», dedi Resan.

Karas «Paxtakor» bilan avvalgi uchrashuvlarini esladi

Emilian Karas «Dinamo Kiyev» murabbiylar shtabida faoliyat yuritgan paytda «Paxtakor»ga qarshi nazorat uchrashuvlarida ishtirok etganini ham esladi.

Uning fikricha, o‘sha davrdagi yig‘in o‘yinlari bilan bugungi rasmiy bahslarni taqqoslash to‘g‘ri bo‘lmaydi.

«Oradan ancha vaqt o‘tdi. Biz Turkiyadagi yig‘inlar vaqtida bir necha marta «Paxtakor» bilan o‘ynagandik. Lekin nazorat uchrashuvlari bilan rasmiy bahslar o‘rtasida katta farq bor.

Yig‘in paytida jamoalar yuqori yuklamalar ostida bo‘ladi va o‘z imkoniyatini to‘liq namoyish eta olmaydi. Shunga qaramay, o‘sha o‘yinlar xotiramda qolgan. Ayniqsa, «Dinamo Kiyev»ning sobiq mashhur futbolchisi Maksim Shatskix bilan ko‘rishish yoqimli edi.

«Paxtakor» bizga qarshi doim jiddiy qarshilik ko‘rsatardi. Biroq bu uchrashuvlar, birinchi navbatda, har ikki jamoa uchun mavsumga tayyorgarlik vazifasini bajargan», dedi Emilian Karas.
More from @uzasport
  1. Oct 11, 2026«Manchester Siti» safarda «Liverpul»ni yirik hisobda mag‘lub etdi, Husanov zaxirada qoldir…
  2. Oct 11, 2026O‘zbekiston dzyudo terma jamoasi jahon chempionatida bronza medalini qo‘lga kiritdi Ozarba…
  3. Oct 11, 2026Abduqodir Husanov 🇬🇧«Manchester Siti»ning 🇬🇧«Liverpul»ga qarshi APL o'yinini zaxiradan…
  4. Oct 11, 2026Post #6304
  5. Oct 11, 2026Post #6303
  6. Oct 11, 2026⚽️ «Liverpul», ⚽️ «Arsenal» va ⚽️ «Tottenhem» 🇧🇷 Braziliya terma jamoasi himoyachisiga q…
Threads Profile ViewerView any public Threads profile without an account.Open ThreadLook →Writing with AI? Make it sound human.Metric37 rewrites AI drafts so they read naturally. Free AI detector, 1,500 words free.Try Metric37 →