Mahallalarda samaradorlikni oshirishga qaratilgan o‘quv-seminarlari tashkil etilmoqda
Toshkent viloyatining barcha tuman va shaharlarida “Mahalla yettiligi” a’zolarining kasbiy bilimlarini mustahkamlash, amaliy ko‘nikmalarini oshirish hamda mahallalarda ish samaradorligini yuksaltirishga qaratilgan o‘quv-seminarlari o‘tkazilmoqda.
Mazkur tadbirlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Mahalla boshqaruvini samarali tashkil etishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmoni ijrosini ta’minlash doirasida tashkil etilmoqda.
Seminarlar davomida mahalla tizimida ishlarni samarali tashkil etish, “Mahalla yettiligi” a’zolarining vazifa va mas’uliyatini to‘g‘ri amalga oshirish, aholi muammolarini erta aniqlash hamda ularni o‘z vaqtida va manzilli hal etish masalalari atroflicha muhokama qilinmoqda.
Shuningdek, davlat idoralari va tashkilotlar bilan hamkorlikni kuchaytirish, fuqarolar murojaatlari bilan tizimli ishlash, mavjud muammolarga amaliy yechim topish hamda ilg‘or tajribalarni mahalla hayotiga tatbiq etish yuzasidan zarur tushuntirish va tavsiyalar berilmoqda.
Muloqotlar yakunida mahallalarda ish samaradorligini oshirish, aholi bandligi va farovonligini ta’minlash, fuqarolarni qiynayotgan masalalarga yechim topish hamda har bir xonadon bilan manzilli ishlashda “Mahalla yettiligi”ning o‘zaro hamjihatligi va mas’uliyati muhim ekani ta’kidlanmoqda.
O‘quv-seminarlari yana uch kun davom etadi. Unda olingan bilim va tajribalarni amaliyotga tatbiq etish orqali mahallalarda boshqaruv samaradorligini oshirish hamda aholiga ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini yaxshilash ko‘zda tutilgan.
✅Telegram 🌐Website 📹YouTube✅Facebook 🕊Twitter🌐Instagram









