TGViewer
Toshkent viloyati hokimligi Toshkent viloyati hokimligi @toshvilpressa · 15.3K subscribers
Post #66589 4.49K
#sana

Mehnati bilan elga fayz, mehri bilan olamga nur ulashgan ayollar


15-oktabr — Xalqaro qishloq ayollari kuni Toshkent viloyatida yuksak ehtirom, samimiy tabriklar va ko‘tarinki ruhda nishonlandi.

O‘zbek xalqi azaldan ayol zotini e’zozlab, ona mehrini, ayolning oila va jamiyat hayotidagi o‘rnini yuksak qadrlab keladi.

Bugun ana shunday fidoyi ayollarga hurmat va ehtirom ko‘rsatish, ularning mehnati, jasorati va tashabbuslarini qadrlash maqsadida viloyatimizda bayram tadbiri tashkil etildi.

Dastavval turli sohalarda samarali mehnat qilib kelayotgan munis onaxonlar, ziyoli opa-singillar hamda keng jamoatchilik vakillari Nurafshon markazidagi sabr va matonat timsoli Zulfiya aya Zokirova xotirasiga hurmat bajo keltirib, uning poyiga gul qo‘ydilar.
Shundan so‘ng viloyat hokimligida bayram tadbiri ko‘tarinki ruhda davom etdi. Unda qishloq ayollarining jamiyat hayotidagi o‘rni, ularning mehnati va bunyodkorlik salohiyati, shuningdek, xotin-qizlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida so‘z yuritildi.

Tadbirda viloyat hokimi Zoyir Mirzayev yig‘ilganlarni Xalqaro qishloq ayollari kuni bilan samimiy tabriklab, xotin-qizlarning jamiyatdagi mavqeini mustahkamlash, ularning salohiyatini ro‘yobga chiqarish, tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash va munosib mehnat qilishi uchun sharoit yaratish davlat siyosatining muhim yo‘nalishlaridan biri ekanini ta’kidladi.
Ayolning qadri ulug‘langan yurtda mehr-oqibat, hamjihatlik va baraka bo‘ladi. Ayniqsa, qishloq ayollarining fidokorona mehnati, oilaga sadoqati, farzandlar tarbiyasidagi mas’uliyati hamda hududlar ravnaqiga qo‘shayotgan hissasi alohida e’tirofga loyiq.

Darhaqiqat, qishloq ayoli – mehnati orqali ro‘zg‘origa fayz, mahallasiga obodlik, jamiyatga farovonlik olib kirayotgan fidoyi insondir. U tongni dalada qarshi oladigan dehqon, o‘z ishini yo‘lga qo‘ygan tadbirkor, yosh avlodga bilim berayotgan ustoz, insonlar salomatligi yo‘lida xizmat qilayotgan tibbiyot xodimi.

Xalqaro qishloq ayollari kunining nishonlanishi ham ana shu mehnat va fidoyilikni e’tirof etish, qishloq ayollarining huquq va imkoniyatlarini kengaytirish, ularning iqtisodiy hamda ijtimoiy hayotdagi faolligini oshirishga qaratilgan.
Bugungi kunda Toshkent viloyatida 1 million 574 ming 200 nafar xotin-qiz istiqomat qiladi. Ularning 1 million 134 ming 678 nafari, ya’ni 73,5 foizi qishloq hududlarida yashaydi. Bu raqamlar qishloq ayollarining viloyatimiz ijtimoiy-iqtisodiy hayotidagi o‘rni naqadar muhim ekanini yaqqol ko‘rsatadi.

Bundan tashqari viloyatimizda 22 mingdan ziyod ayol tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanib, 1 626 nafar xotin-qiz hunarmand sifatida mehnat qilmoqda. Boshqaruv lavozimlaridagi rahbarlar orasida xotin-qizlar ulushi esa 33,2 foizni tashkil etadi.

Tadbirda O‘zbekiston xalq shoiri Mahmud Toir ham so‘zga chiqib, yig‘ilganlarni bayram bilan samimiy qutladi.

Bayram tadbiri davomida turli sohalarda samarali mehnat qilib, o‘zining tashabbuskorligi, fidoyiligi va ibratli faoliyati bilan el-yurt hurmatini qozongan bir guruh xotin-qizlar viloyat hokimining tashakkurnomalari hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.

Tadbir yakunida ishtirokchilar uchun konsert dasturi tashkil etildi. Samimiy tabriklar, ezgu tilaklar va ko‘tarinki kayfiyat bilan kechgan tadbir qishloq ayollariga bo‘lgan chuqur hurmatning yana bir ifodasi bo‘ldi.

✅Telegram 🌐Website 📹YouTube✅Facebook 🕊Twitter🌐Instagram
More from @toshvilpressa
  1. Oct 17, 2026#baxshichilik "Go‘ro‘g‘li dostoni avlodlar ovozida" baxshichilik kechasidan fotolavha Mada…
  2. Oct 17, 2026🔴🟦🟦 No comment / Go‘ro‘g‘li dostoni avlodlar ovozida. Parkent tumani, Kumushkon qishlog…
  3. Oct 17, 2026🔴🟦🟦 Parkent tumanining so‘lim Kumushkon hududidagi «Silver Valley» maskanida «Go‘ro‘g‘l…
  4. Oct 17, 2026🔴🟦🟦 #baxshichilik_kechasi Ayni paytda Parkent tumanining so‘lim Kumushkon hududidagi «S…
Threads Profile ViewerView any public Threads profile without an account.Open ThreadLook →Writing with AI? Make it sound human.Metric37 rewrites AI drafts so they read naturally. Free AI detector, 1,500 words free.Try Metric37 →