Ko‘p yillik muammoga yechim: Zangiotada zamonaviy temir yo‘l ko‘prigi quriladi
Zangiota tumanidagi S. Rahimov — O‘rtaovul stansiyasi oralig‘ida temir yo‘l ko‘prigini qurish ishlariga start berildi.
Mazkur loyiha hudud aholisi uchun uzoq yillar davomida dolzarb bo‘lib kelgan transport muammolarini hal etishga xizmat qiladi.
Gap shundaki, poyezdlar harakatining uzluksizligi sababli mazkur hududda avtomobillar va piyodalar harakatida bir qator noqulayliklar yuzaga kelayotgan, bu esa aholining ortiqcha vaqt yo‘qotishiga hamda harakat xavfsizligi bilan bog‘liq muammolarga sabab bo‘layotgan edi.
Endilikda "O‘zbekiston temir yo‘llari" AJ tomonidan mazkur masalaga yechim sifatida zamonaviy temir yo‘l ko‘prigi hamda xavfsiz va qulay aylanma avtomobil yo‘li qurilishi boshlandi.
Loyiha amalga oshirilishi natijasida transport oqimining uzluksizligi ta’minlanib, aholi va haydovchilar uchun yanada qulay hamda xavfsiz sharoit yaratiladi.
Qurilish ishlariga start berish marosimi milliy qadriyatlarimizga xos tarzda jonliq so‘yilib, yurt tinchligi, xalq farovonligi va ezgu ishlar baroridan kelishini tilab duolar qilindi.
Tadbirda Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev ishtirok etdi.
✅Telegram 🌐Website 📹YouTube✅Facebook 🕊Twitter 🌐Instagram





