❗️SSV: Reimbursatsiya dasturi doirasida hududlarda o‘rganishlar o‘tkazilmoqda
💊 Mamlakatimizda Reimbursatsiya dasturi doirasida 12 turdagi kasalliklar bo‘yicha 28 xil dori vositalari bepul berilayotganidan xabaringiz bor.
📍Ushbu tizimning hududlardagi samaradorligi, aholiga dori vositalarining o‘z vaqtida, belgilangan tartibda yetkazib berilishini aniqlash maqsadida Sog‘liqni saqlash vazirligining Komplayens va korrupsiyaga qarshi ichki nazorat boshqarmasi tomonidan Navoiy, Samarqand va Buxoro viloyatlarida o‘rganishlar o‘tkazildi.
💫 Bu jarayonda tibbiyot muassasalari va dorixonalarda elektron retseptlarni shakllantirish, bemorlarga dori vositalarini tayinlash va berish, elektron sog‘liqni saqlash tizimiga ma’lumotlarni to‘g‘ri kiritish holati tahlil qilindi.
🌟 Xususan, Navoiy viloyatidagi o‘rganishlarga ko‘ra, hududda 149 ming 940 nafar bemorga 12,9 mlrd. so‘mlik dori vositalari bepul berilgan.
📌 Biroq tizimdan foydalanishda qator kamchiliklar ham aniqlandi. Masalan, laboratoriya tahlillarisiz dispanser nazoratiga olish holatlari, bemor yoki uning vakiliga tegishli telefon raqamlari kiritilmagani, dorixonalar qamrovi yetarli emasligi ma’lum bo‘ldi.
🔎 O‘rganishlar doirasida dorixona rahbarlari bilan ochiq muloqotlar o‘tkazilib, Reimbursatsiya dasturining mazmun-mohiyati, amalda uchrayotgan kamchiliklar va ularni bartaraf etish choralari muhokama qilindi.
🌐 Shuningdek, mahallalar va hokimliklar axborot resurslari hamda ijtimoiy tarmoqlar orqali aholi o‘rtasida keng tushuntirish ishlari olib borildi.
📄 O‘rganish yakunlari bo‘yicha aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish, elektron retseptlar bilan ishlash sifatini oshirish, dorixonalar qamrovini kengaytirish hamda Reimbursatsiya dasturi ijrosi ustidan nazoratni kuchaytirishga qaratilgan chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqildi.
➡️ Faoliyatida tizimli kamchiliklarga yo‘l qo‘ygan ayrim mas’ul rahbarlarga nisbatan intizomiy chora qo‘llash masalasi ham ko‘rib chiqilmoqda.
〰️ Eslatma: yurtdoshlarimiz bu borada qonunbuzilish holatlari va byurokratik to‘siqlarga duch kelsa, vazirlik qoshidagi “1203” qisqa raqamli “Call-markaz”ga murojaat qilishlari mumkin.
🚑 SSV Matbuot xizmati.
🌐 Web-site 🔵Telegram 👥 Fb 📷 Instagram



