⚖️ KREDITORLAR KORXONANI BANKROT DEB TOPISHNI TALAB QILSA, SUD UNI SAQLAB QOLISHGA HAQLIMI?
❗️“To‘lovga qobiliyatsizlik to‘g‘risida”gi Qonunda huquqiy jihatdan qiziqarli, amaliyotda turlicha qarashlarga sabab bo‘lishi mumkin bo‘lgan masala mavjud.
📌 Vaziyat:
Korxonaning moliyaviy ahvoli og‘irlashgan. Kreditorlar yig‘ilishi qarzdorni bankrot deb topish va tugatishga doir ish yuritishni boshlash yuzasidan qaror qabul qilgan.
Biroq muvaqqat boshqaruvchining moliyaviy tahliliga ko‘ra, korxonaning to‘lov qobiliyatini tiklash imkoniyati mavjud.
Natijada bir-biriga qarama-qarshi ikkita pozitsiya yuzaga kelmoqda:
🔴 Kreditorlar: korxonani bankrot deb topish va mol-mulkini realizatsiya qilish tarafdori.
🟢 Muvaqqat boshqaruvchi: korxonani tugatmasdan, uning to‘lov qobiliyatini tiklash imkoniyati mavjudligini bildirgan.
⚖️ QONUN NIMA DEYDI?
1️⃣ Qonunning 12-moddasi kreditorlar yig‘ilishiga qarzdorni bankrot deb topish va tugatishga doir ish yuritishni boshlash haqida sudga murojaat qilish yuzasidan qaror qabul qilish vakolatini beradi.
Biroq ayni shu moddada sud muvaqqat boshqaruvchining korxona faoliyatini tiklash imkoniyati haqidagi xulosasini inobatga olib, kreditorlarning tugatish haqidagi qaroriga qaramasdan, tiklash tartib-taomillaridan birini joriy etishga haqli ekanligi belgilangan.
2️⃣ Qonunning 52-moddasiga ko‘ra, qarzdorni bankrot deb topish va tugatishga doir ish yuritishni boshlash to‘g‘risidagi qaror tiklash tartib-taomillarini joriy etish, kelishuv bitimini tasdiqlash yoki ish yuritishni tugatish uchun asoslar bo‘lmagan hollarda, qonunda belgilangan to‘lovga qobiliyatsizlik alomatlari aniqlanganda qabul qilinadi.
❓ ASOSIY HUQUQIY MASALA:
Agar kreditorlar korxonaning tugatilishini talab qilsa, sud esa uni tiklash imkoniyati mavjud deb hisoblasa, qaysi manfaat ustuvor bo‘lishi kerak?
Bir tomondan, kreditorlar o‘z talablarining imkon qadar tezroq qanoatlantirilishidan manfaatdor.
Ikkinchi tomondan, korxonani tiklash uning iqtisodiy faoliyatini saqlab qolish va kreditorlarning talablarini ko‘proq miqdorda qanoatlantirish imkonini berishi mumkin.
Qonun kreditorlar yig‘ilishining qarorini sud uchun mutlaq majburiy deb belgilamagan. Shu bilan birga, sud tiklash tartib-taomilini joriy etishi uchun moliyaviy tahlil natijalari va tegishli tartib-taomilning qonuniy shartlari asoslantirilgan bo‘lishi zarur.
Demak, bu yerda qonun normalarining bevosita ziddiyati emas, balki kreditorlar irodasi va sudning qarzdorni tiklash imkoniyatini baholash vakolati o‘rtasidagi huquqiy muvozanat masalasi mavjud.
Sizningcha, kreditorlar qarzdorni tugatish tarafdori bo‘lgan vaziyatda sud korxonani saqlab qolishga ustuvor ahamiyat berishi to‘g‘rimi?
Yoki kreditorlarning qarori hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘lishi kerakmi?
@sanatsiya
Post #192
150
- 👍 2
- ⚡ 1