⚖️ SUD QARORI CHIQARILDI — LEKIN HUQUQ QACHON AMALDA TIKLANADI?
Sudda ishni yutish — huquqni himoya qilishning muhim bosqichi. Ammo sud hujjati amalda ijro etilmasa, chiqarilgan qarorning o‘zi har doim ham buzilgan huquqni real tiklab bermaydi.
O‘zbekiston Respublikasining “Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish to‘g‘risida”gi Qonuni aynan sud hujjatlari va vakolatli organlar hujjatlarini majburiy ijro etish jarayonini tartibga soladi.
🔹 Qarzdor “menda mablag‘ yo‘q” desa, ijro tugaydimi?
Yo‘q. Ijro jarayoni faqat bank hisobvarag‘idagi pulni tekshirish bilan cheklanmaydi. Qonunda nazarda tutilgan hollarda undiruv qarzdorning pul mablag‘lari va boshqa mol-mulkiga qaratilishi, mol-mulk xatlanishi va realizatsiya qilinishi mumkin.
🔹 Qarzdor ijroni ataylab cho‘zsa-chi?
Sud hujjatini ijro etish — ixtiyoriy masala emas. Qonuniy kuchga kirgan va ijro etilishi lozim bo‘lgan hujjat talablarini bajarmaslik qonunchilikda nazarda tutilgan majburiy ijro choralarini qo‘llashga sabab bo‘lishi mumkin.
🔹 Kichik miqdordagi qarzlar bo‘yicha ham murakkab ijro tartibi qo‘llaniladimi?
2026-yil 20-apreldagi O‘RQ–1134-son Qonun bilan soddalashtirilgan ijro tartibi yanada kengaytirildi. Jumladan, ayrim kommunal to‘lovlar, ko‘p kvartirali uylardagi majburiy badallar hamda BHMning besh baravaridan oshmaydigan summalarni undirishga oid ijro hujjatlari bo‘yicha ham soddalashtirilgan tartib qo‘llanishi nazarda tutilgan.
📌 Muhim xulosa:
Sud qarorini olish — yakun emas.
|
Haqiqiy natija — sud hujjati ijro etilib, undiruvchining buzilgan huquqi amalda tiklanganda yuzaga keladi.
Shuning uchun ijro ishi boshlanganidan keyin fuqaro yoki tadbirkor:
— ijro harakatlarining borishini kuzatishi;
— qarzdorning mol-mulki va aktivlari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni taqdim etishi;
— zarur hollarda davlat ijrochisining qarori yoki harakatlari yuzasidan qonunda belgilangan tartibda murojaat qilishi muhim.
⚖️ Sud himoyasi qaror bilan boshlanib, uning amaldagi ijrosi bilan yakunlanadi.
@sanatsiya
Post #172
390
- ❤ 6