“Raqamli San’at” Ijodiy birlashmasi deganda faqat AI yordamida video yoki boshqa kreativ kontent yaratadigan jamoani tasavvur qilishingiz mumkin. Aslida birlashmamizning maqsadi va faoliyati bundan kengroq.
Maqsadimiz madaniyat va san’atni zamonaviy texnologiyalar bilan bog‘laydigan yaxlit ekotizim yaratish. Uning asosiy yo‘nalishlari raqamli rivojlanish, ta’lim, zamonaviy media mahsulotlari va O‘zbekistonning xalqaro kreativ maydondagi o‘rnini kuchaytirishni qamrab oladi.
Birlashma o‘zaro bog‘langan 5 ta markaz faoliyatini qamrab oladi:
1. R&D markazi: madaniyat va san’atdagi muammolarni o‘rganish, AI va raqamlashtirish asosida yangi yechimlarni sinab ko‘rish. Bu yerda AI laboratoriyasi, pilot loyihalar va xorijiy tajribalarni O‘zbekistonga moslashtirish kabi ishlar ko‘zda tutilgan.
2. Ta’lim markazi: yangi avlod raqamli ijodkorlarini tayyorlash. AI Creative, R&D hamda Grafika va Dizayn akademiyalari orqali AI video, grafika, musiqa, dramaturgiya, rejissura, dizayn va boshqa zamonaviy yo‘nalishlar o‘rgatiladi. Rejada yiliga 1 000–3 000 nafar zamonaviy kasb egasini tayyorlash ko‘zda tutilgan.
3. Raqamlashtirish va media markazi: milliy madaniy merosni raqamlashtirish va uni zamonaviy formatlarda odamlar uchun ochish. Milliy raqamli arxivlar, virtual muzeylar, Art TV media platformasi, AI loyihalar, mapping, LED va immersiv texnologiyalar shu yo‘nalishga kiradi.
4. Xalqaro hamkorlik markazi: xorijiy universitetlar va texnologik kompaniyalar bilan hamkorlik qilish, ilg‘or tajriba va texnologiyalarni O‘zbekistonga olib kirish, grantlar va xalqaro loyihalarni rivojlantirish.
5. Iqtisodiy rivojlanish markazi: kreativ va AI xizmatlari, mahsulotlar eksporti, kreativ startaplar hamda investitsiyalar orqali birlashmaning uzoq muddatli barqaror modelini shakllantirish.
Bundan tashqari bir nechta asosiy dasturlar ham bor. Digital Art Scouting orqali yangi raqamli iqtidorlarni aniqlash va saralash, TOP 100 Digital Talents orqali ularni rivojlantirish, International Competition Office orqali xalqaro tanlovlarga tayyorlash va Real Creative Commissions orqali ijodkorlarni real buyurtmalar bilan bog‘lash ko‘zda tutilgan.
Post #35
487

- 👍 5
- 👏 3
- ❤ 1