TGViewer
Birburchak Birburchak @qora_yigit · 7.19K subscribers
Post #3305 681
Ixtisoslashgan maktab internatda oʻqiyman. Haftada bir yakshanba uyga kelaman. Bahor, mart-aprel pallalari. 7-sinfman. Batinkamning ayni har kuni yomgʻir yogʻadigan kunlarda tagi teshildi.

Uydagilarning yilda bir marta olib berishga imkoni boʻlgani uchun juda avaylab kiyardim. Usti, yonlari yangidek turibdi ammo tag charmi sindi-da ichiga suv kirib ketadigan boʻlib qoldi. Yotoqxonadan oʻquv binosigacha bir kilometrcha bor. Borguncha oyogʻimni ichi suvga toʻladi deng…

Men ham boʻsh kelmayman. Har ertalab oyoq kiyim ichiga paket sovolaman. Lekin suv baribir kirib ketadi. Yana shunchaki oyoq kiyim ichi suvga toʻlsa ham mayli edi. Yurganda shilq-shulq qilib ovoz ham chiqaradi. Sezilib qolmasin deb bir nimalarni bahona qilib yotoqxonadan oxirida, sinfdoshlarsiz yolgʻiz oʻzim chiqaman. Yana shu suv toʻla batinka bilan soat 4 gacha darslarda oʻtiraman. Soat 4 boʻlishini intiroz kutaman…

Darslar tugagach ham shunday oʻzim yolgʻiz qaytaman. Yoqotxonaga borib batinkamni yechganimda esa oppoq, uvishib ketgan oyoqlarimni koʻrib yuragim ogʻriydi. Hozirgi zamondagidek telefonlar deyarli yoʻq edi. Ayniqsa bizning oilada va qoʻshnilarda. Shu uchun amallab shanbagacha chidashga majbur edim…

Har kuni bittadan oʻqituvchi ertalab oʻquv binosiga kirish joyida navbatchilik qiladi. Formalarni; galstuk, oq koʻylak, kastyumni tekshiradi. Kim keldi-kelmadini ham nazoratlaydi.

Bir kuni hammadan kech qolganim uchun oxirgi 200-300 metrda yugurdim. Chunki darslarga kechiksak jazolanardik. Bugun nazoratda turgan oʻqituvchi yonidan oʻtayotganimda qattiqroq qadam bosdim shekilli oʻsha shilq-shulq ovoz chiqib ketdi. Ozroq suv ham toshib chiqdi oyoq kiyim ichidan. Bilmadim, negadir juda uyalib ketdim. Yuzlarim, butun tanam olovga solingandek qizib ketdi.

Menincha, navbatchilikda turgan oʻqituvchi buni payqamadi. “Ilohim, sezmagan boʻlsin-da” dedim ich-ichimdan. Chunki oʻsha paytda buni qandaydir ayb ishdek qabul qilayotgandim. “Obedga chiqqanda xonamga kir” dedi oʻsha ustozim jahldorroq ovozi bilan. U kishi bizga tarixdan dars berardi. Vazifalar bajarilmasa, bezoriliklar qilinsa shunday urardiki yonma-yon qoʻyib bir shapaloqda ikki kishiga tekkizardi. Qoʻrqdim, uradi deb oʻyladim.

Oʻn ikkidagi darsimiz tugar-tugamas oʻzi keldi xonamizga. Yur deb tashqariga olib chiqdi. Ichimda ming xil oʻy. Taksiga oʻtirgʻizib bozorga olib bordi. Bozordagi yaqin oʻrtogʻidan yaxshi batinka olib berdi. Eslayman, samalandr degan batinka edi. Yana shuni ham eslaymanki oʻrtogʻiga pul bermadi, keyin gaplashamiz dedi.

Sal ulgʻayib tushunganman qarzga olib berganini. Lekin menga ortiqcha hech nima demagan. Yana qaytarib xonamizga oborib qoʻygan. Yana salkam 2 yil oʻqidim shu joyda lekin biror marta hatto nigohlarida ham minnat sezmaganman. Ayb qilsam, vazifa bajarmasam avvalgidek savalashni, odam boʻllaring tirmizaklar deb erkalabroq baqirishlari ham oʻzgarmadi. Goʻyo hech nima boʻlmaganday…

Lekin men uchun, mening bola qalbim uchun juda katta ish qilgandi. Bunday ishdan keyin qanday qilib indamay, hech nima boʻlmaganday yurish mumkin? Hech boʻlmasa “endi oyogʻingga suv kirmayaptimi?” deb ham soʻramadiya deb oʻylardim. Bittagina soʻrasa edi, shu bahona rahmat aytaman deb oʻylardim bola qalbim bilan. Menga botinka olib bergani uchun emas begonaning bolasi oldida oʻzini javobgar va mas’ul sezgani uchun ham ularni hurmat qilaman.

Eslayman, u paytlarda oʻquvchining har bir narsasiga ustozlar ma’suliyat va javobgarlik his qilardi. Urardi, ammo biz oʻquvchilar ranjimasdik. Tanaffusda kimni qanday urishganini, kimni qanday soʻkkanini gapirib kulishardik. Bizlar boladay edik, ular oʻqituvchi, tarbiyachilardek edi.

Hozir ham bunday ustozlar bor boʻlsa kerak deb oʻylayman. Faqat biroz erkinroq qoʻyish, faqat ozroq vakolatlarini kengaytirish, obroʻsini koʻtarish kerak. Men bugungi bayram bilan ana shunday chin ustozlarni, chin murabbiylarni bayrami bilan tabriklayman. Biz tirranchalar oldidagi ma’suliyatingiz uchun tashakkur!..

➡️@qora_yigit
  • ❤ 50
  • 🔥 19
  • 👍 5
  • ⚡ 4
  • 💯 3
More from @qora_yigit
  1. Oct 1, 2026Post #3306
  2. Sep 30, 2026#finished Teodor Drayzer — “Amerika fojiasi”. 2-jild Birov sizga ishonsa, taqdirini siz bi…
  3. Sep 30, 2026Ibn Sino bobom aytgan, tupik ming dardga davo deb qaytmay ichganlar ham boʻlardi. Nima dey…
  4. Sep 30, 2026Bola edik. Mol boqqani borsak hamma oʻrtada pul tashab “napitka” olardik. Biz uchun juda k…
  5. Sep 30, 2026🗣️ Men Abdulla Qahhorlarni, Oybeklarni sog'inaman. Ular yo'q endi. Bular esa ichida doimo…
  6. Sep 29, 2026Nima uchun bunaqa boʻlganini hamma darrov tushunadi va bunda nashriyotni hech kim ayblamay…
Threads Profile ViewerView any public Threads profile without an account.Open ThreadLook →Writing with AI? Make it sound human.Metric37 rewrites AI drafts so they read naturally. Free AI detector, 1,500 words free.Try Metric37 →