#finished
Teodor Drayzer — “Amerika fojiasi”. 2-jild
Birov sizga ishonsa, taqdirini siz bilan bog‘lasa-yu, bir kuni o‘sha odamning borligi rejalaringizga xalaqit bera boshlasa, nima qilasiz? Kechagina ko‘rishga oshiqib yurgan insoningizdan bugun qutulgingiz keladi. U o‘zgarmagan. Faqat sizning ko‘zingizga undan yaxshiroq hayot ko‘rinib qolgan. Klayd Griffitsning ichida sodir bo‘layotgan o‘zgarishning eng qo‘rqinchli joyi ham shu, nazarimda.
Birinchi jild haqida yozganimda muhitning ta’siri qayerda tugab, insonning javobgarligi qayerda boshlanishi haqida savol qo‘ygandim. Ikkinchi jildda bu savolning og‘irligi seziladi. Chunki endi Klaydning havasi, yolg‘onlari va paysalga solgan qarorlari boshqa bir insonning hayoti hisobiga yashay boshlaydi.
Roberta homilador. U Klayddan va’dasida turishini, uni bu ahvolda yolg‘iz tashlab ketmasligini kutadi. Yigitchaning xayoli esa Sondrada. Sondra bilan birga keladigan boylik va mavqeda. Shu joyida o‘ylab qolasan: Klayd qizning o‘zini qanchalik sevadi-yu, uning yonida yashashi mumkin bo‘lgan hayotni qanchalik?
Robertaga achinishingning sababi ham shu. Qiz birga qilgan ishlarining javobini birga ko‘tarishlarini istaydi. Klayd esa buni kelajagiga qo‘yilgan g‘ov deb ko‘radi. Bir odamning eng oddiy haqqi boshqa odamga chidab bo‘lmas yuk bo‘lib tuyilyapti. Nazarimda, fojia Roberta suvga tushishidan ancha oldin, Klayd uni tirik inson sifatida emas, yo‘lidan olib tashlanishi kerak bo‘lgan tashvish sifatida ko‘ra boshlaganida yuz bergan.
Ko‘ldagi voqeani Drayzer bejiz maydalab yozmaydi. Qotillik rejasini tuzgan Klayd hal qiluvchi paytda ikkilanadi, niyatidan qaytadi, ammo qayiq ag‘darilgach Robertani qutqarishga urinmaydi. Qo‘li bilan qilmagan ishining sodir bo‘lishiga yo‘l qo‘ygani uni o‘z vijdoni oldida aybsiz qilib qo‘yadimi?
Drayzer o‘quvchini ham noqulay ahvolga soladi. Klaydning qo‘rquvini tushunasan, lekin Robertaning ishonchini eslaganingda unga achinishdan ham uyalib ketasan. Muallif shu ikki hissiyot orasida ushlab turadi seni. Qahramonni yomon odam deb chetga surib qo‘ya olmaysan, chunki uning bahonalarida kundalik hayotimizdan tanish gaplar bor: hozir buning iloji yo‘q, keyin hal qilaman, vaziyatimni tushuning...
Sudga kelganda esa bu fojianing atrofida boshqalarning manfaatlari ham to‘planadi. Prokuror uchun ish martaba imkoniyatiga, gazetalar uchun odamlarni qiziqtiradigan tomoshaga aylanadi. Klaydning aybi borligi aniq, ammo uni hukm qilayotganlarning maqsadi ham birdek pok emas. Boylarning davrasiga kirishni orzu qilgan yigitchaning sudida o‘sha davraning obro‘sini asrash tashvishi ham bor. Inson hayoti o‘rtaga qo‘yilgan joyda ham kimdir o‘z foydasini hisoblayapti...
Kitob oxirida Klaydning o‘limni kutishini o‘qish og‘ir. Shuncha orzu va talpinishdan keyin uning qo‘lida hatto oddiygina yashash imkoniyati ham qolmaydi. Lekin unga achinib turganingda Robertaning ham yashagisi kelganini unutolmaysan. Uning ham ertasi, oilasi, hali tug‘ilmagan bolasi bor edi-ku.
Xullas, men bu romanni istaklarimizning haqini kim to‘layotgani haqida o‘ylatadigan asar degan bo‘lardim. Yaxshi yashashni xohlashimiz tabiiy. Ammo shu yo‘lda birovning ishonchini, tinchini, umrini sarflayotganimizni sezmay qolsak-chi? Klaydning yonida Roberta bor edi. Bizning yonimizdagilar esa hali tirik, hali bizga ishonyapti. Ularning ishonchi rejamizga xalaqit berib qolgan kuni kimga aylanishimizni o‘ylab ko‘rganmizmi?..
➡️@qora_yigit
Post #3304
718

- ❤ 13
- 🔥 5
- ⚡ 4
- ✍ 2
- 🤩 1