#finished
Satoshi Yagisava – "Morisaki kitob do‘konida o‘tkazgan kunlarim"
Oxirgi paytlarda kundalik shovqin-suronlar, tinimsiz yangilik, yoqimsiz xabarlar va doimiy shoshqaloqlikdan charchaganimda boradigan, eshigini yopishim bilan hamma narsa ortda qolgandek hissiyot beradigan sokin bir joy qidirib qoldim. Satoshi Yagisavaning "Morisaki kitob do‘konida o‘tkazgan kunlarim" romanini oʻqishga kirishganimda esa bu istak va muammolar faqat meniki emas, butun zamonniki ekanini, shu zamonning hamma kishisiniki ekanini his qildim.
Bu asarni o‘qigach, “Voy, qanday kutilmagan voqea bo‘ldi!” deb hayratlanmaysiz. Unda ulkan sirlar, favqulodda burilishlar va shiddatli hodisalar yo‘q. Aksincha, bu kitob sizni ataylab sekin qadam tashlashga undaydi. Xuddi katta ko‘chaning shovqinidan qochib, kirishingiz bilan baland va yoqimsiz ovozlar pasayib ketadigan eski bir kitob do‘koniga tushib qolgandek bo'lasiz. Va asarning eng katta kuchi ham aynan shunda.
Bugungi tezkor zamonda biz hamisha nimadir yuz berishini kutib yashaymiz. Ammo roman markazida turgan, hayotdan ma'nan chekingan 25 yoshli Takakoning tiklanishi xuddi eski kitob do'konidagi ertalablar kabi juda sekin oʻtadi. U shunchaki yashashda davom etishni uqtiradi. Buni esa qandaydir dono maslahatlar yoki mo'jiza orqali emas, uxlash, qahva ichish, derazadan atrofni tomosha qilish va oz-ozdan kitob varaqlashdek oddiy, tabiiy jarayonlar orqali hayotga qaytaradi oʻquvchini.
Kitobni o'qirkanman, adabiyotning g'alati sehri ishga tushganini his qildim. Asar meni rostakam tinglayotgandek tuyilishni boshladi. Qahramonlar yolg‘izligi, qoʻrquvi va andishasida, qalbini oʻrtagan alamlari haqida gapirganda, o'zingizning ichingizdagi gaplarni ularning og'zidan eshitgandek hissiyot olasiz.
Nazarimda, insonning ichidagi og‘irlik ko‘pincha “buni faqat men his qilyapman” degan tuyg‘udan kattalashadi. Adabiyot esa “Yo‘q, buni sendan oldin ham kimdir his qilgan, hozir ham bu ulkan yer sharining qay bir burchagida his etmoqda”, deya ichingdagi yolg'izlikka yakun yasab beradi.
Romandagi Takakoning amakisi Satoru boshqacha qahramon ekan-da. U tipik "dono qariya”ga oʻxshamaydi. Har doim balandparvoz nutqlardan yiroq, yupatishga zo'r bermaydi. U qayg'udagi insonga maslahatdan ko'ra makon, vaqt va shunchaki yonida bo'ladigan, ammo uni darhol "tuzatishga" urinmaydigan odam kerakligini tushunadigan qariya. Qariganimda ana shu odamdek pozitsiyada turadigan qariya boʻlishni istab qoldim 😁
Jinbochodagi eski kitoblar ham aslida o'ziga xos ramz. Bir vaqtlar birov o'qigan, sahifasi sarg'ayib, muqovasi eskirgan kitoblarning qadri tushib qolmaydi. Inson ruhiyati bilan ham shunday. Hayotning ma'lum bir zarbasi, uzilgan munosabatlar insonning qadr-qimmatini yoki yashashga bo'lgan haqqini yo'qqa chiqarmaydi. Balki eski va nodir kitoblar kabi qiymatini qimmatlatadi.
"Morisaki kitob do‘konida o‘tkazgan kunlarim" asari insoniyatni qutqaruvchi qandaydir sehrli dori emas. U hayotning og'riqlarini rad etmaydi ham. "Ha, hayot ba’zan og‘riqli. Ha, hayot ba’zida adolatsiz. Kel, shu og‘riq va adolatsizliklar bilan bir oz shu yerda o‘tiramiz. Toki koʻngil sokinlashguncha", deydigan “davolash” uslubidan foydalanadi.
Ba’zan yaxshi kitoblarga oʻxshab hayotingizni tubdan o‘zgartirib yubormasligi mumkin. Lekin shunchaki bu hayotda koʻtarib yurgan yukingiz biroz yengillashganini his qilasiz. Va nazarimda adabiyotning insoniyatga beradigani ham aynan shu narsaning oʻzi…
➡️@qora_yigit
Post #3229
1.83K

- ❤ 19
- 🔥 10
- 🐳 7