#finished
Tomas Harris - "Qizil ajdarho"
Hammamiz mashhur psixiatr Gannibal Lekterni "Qo'zichoqlar sukunati" orqali yaxshi taniymiz. Chunki ko'pchilik birinchi bo'lib shu kitobni o'qigan. Lekin bu o'ta aqlli va dahshatli qahramon adabiyotga birinchi bo'lib qayerdan kirib kelgan? Albatta, bu asarlarning ilk qismi. "Qizil ajdarho"dan boshlanadi Doktor Lekterning biografiyasi.
Bu kitobni kechki payt boshlagandim. Uxlay olmadim. Sababi qo'rquvdan emas. Qiziqish sababli ertalabgacha tugatib qo'ydim. Psixologik triller janri deyilganda ko'pchilik bir xil shablonni tasavvur qiladi. G'ayrioddiy qotil, qahramonlik qiluvchi detektiv, oxirida hammasi yechilib ketadigan yakun. Fikrimcha, "Qizil ajdarho" bu formulaga tushmaydigan asar.
Yana shuni aytib o'tishim kerakki, kitobning bosh qahramoni Lekter emas. Bu asarda qahramon FQBning sobiq maxsus agenti Uill Grexem. Uning bitta g'ayritabiiy va hamkasblari ta'biri bilan aytganda la'nati qobiliyati bor. U qotillarning ruhiyatiga kira oladi. Ya'ni Grexem voqea joyini ko'zdan kechirayotganda "bu jinoyat qanday qilindi?" degan savoldan ko'ra, "u nimani his qildi?" degan savolga ko'proq e'tibor qaratadi. Aynan shu jihati sabab Doktor Lekter uni o'ziga o'xshaydi deb hisoblaydi.
Ruhiy zo'riqishlar sabab ishdan ketib, oilasi bilan tinchgina yashayotgan Grexemni matbuot "Tish parisi" deb ataydigan yangi seriyali qotil sababli yana ishga qaytishga majbur qiladi. Bu qotil o'ta shafqatsiz va qandaydir tushunarsiz sabablarga ko'ra butun boshli oilalarni nishonga olardi. Baxtli oilalarni! Grexem uni qayerdan qidirishni bilmay qolgach, o'zining eski dushmani/do'sti hozirda qamoqda o'tirgan doktor Lekterdan maslahat so'rashga majbur bo'ladi. Panjara ortidagi Gannibal va tashqaridagi Grexem o'rtasidagi aqliy o'yinlar kitobning eng zo'r qismlari bo'lib tuyildi menga.
Tomas Harrisning yozuvchi sifatidagi eng katta yutug'i shundaki, u yovuz qahramonni boshdan-adoq "yomon odam" qilib ko'rsatmaydi. Biz asar davomida "Tish parisi"ning qanday qilib bu holatga kelib qolganini, uning bolaligidagi og'ir travmalarini ko'rib chiqamiz. Ha, uni aslo oqlamaysiz, qilmishlaridan nafratlanasiz. Lekin qanday qilib insoniyatdan yuz o'girgan "Qizil ajdarho"ga aylanib qolganini tushuna boshlaysiz.
Asar dinamikasi juda zo'r qurilgan ekan. Voqealar sekin boshlanadi-yu, lekin borgan sari ruhiy bosim oshib boradi. Oxirgi varaqlarga kelib nafas olishingiz ham qiyinlashib qolgandek hamma g'ashliklar va bosimlar bir joyga jamlanadi va boom.
Bu romanning ba'zi qismlarida juda og'ir sahnalar mavjud. Muallif voqealarni to'g'ridan-to'g'ri parda ortiga yashirmasdan tasvirlgani bois qo'rquv hosil qilishi mumkin. Agar bunday matn va tasavvurlarga sezgir bo'lsangiz kitob mutolaasi haqida yaxshilab o'ylab ko'rishingiz kerak. Agar o'qisangiz ham menga o'xshab tunda yolg'iz o'qimaslikni maslahat beraman...
➡️@qora_yigit
Post #2929
2.26K

- ❤ 20
- 🔥 12
- 👍 7
- ⚡ 4
- 😁 2