#finished
Jeyn Ostin – “Andisha va g‘urur”
Biror inson haqida ilk uchrashuvdayoq salbiy fikrga kelganmisiz? Keyin u nima qilmasin, qanday yaxshi gapirmasin, baribir o‘sha dastlabki taassurotingizdan voz kechgingiz kelmaydi. Yoki aksincha, kimdir birinchi suhbatdayoq ko‘nglingizdan joy oladi-yu, uning xatolarini ham oqlashga tayyor turasiz.
Biz odamlarni aslida qanday bo‘lsa shundayligicha taniymizmi yoki ular haqida o‘zimiz yaratgan tasavvurlarga ishonib yashaymizmi?
Jeyn Ostinning 1813-yilda nashr etilgan “Andisha va g‘urur” romanida voqealar XIX asr Angliyasidagi Bennetlar oilasi, ularning besh qizlaridan biri Elizabet va badavlat aristokrat janob Darsi munosabatlari atrofida kechadi. Unda Ostin ikki insonning bir-biriga ko‘ngil qo‘yishidan ko‘ra murakkabroq masalani o‘rtaga tashlaydi.
Biri boshqalarga yuqoridan qaraydi, ikkinchisi esa odamlarni to‘g‘ri baholay olish qobiliyatiga haddan tashqari ishonadi. Yozuvchi bu ikki xarakterni bir-biriga qarama-qarshi qo‘yib, aslida inson o‘zini qanchalik yaxshi bilishi mumkinligi haqida gapiradi.
Romanning yana bir muhim tomoni o‘sha davr ayollarining jamiyatdagi o‘rni bilan bog‘liq. Bennetlar oilasida besh qiz bor, ammo otalarining mulki ularga meros bo‘lib qolmaydi. Demak, qizlarning kelajagi ko‘p jihatdan kimga turmushga chiqishiga bog‘liq. Shunday sharoitda nikoh faqat muhabbat emas, iqtisodiy xavfsizlik masalasi ham edi.
Elizabet boylikni yomon ko‘rmaydi, ammo boylik uchun o‘zini qurbon qilishni ham istamaydi. Uning nazarida insonni hurmat qilmasdan turib sevish, sevmay turib esa u bilan baxtli yashash qiyin.
Ostinning yozish uslubi haqida ham alohida gapirish kerak. Romanda ulkan fojialar, dahshatli jinoyatlar yoki favqulodda sarguzashtlar deyarli yo‘q. Oddiy oilaviy suhbatlar, mehmondorchiliklar, ballar, maktublar va turmush tashvishlari. Ammo muallif ana shu kundalik voqealar ichidan inson tabiatidagi kibr, manmanlik, xudbinlik, ikkiyuzlamachilik va samimiyatni nihoyatda nozik kinoya bilan ochib beradi.
Qahramonlar o‘zgargani sari ularga munosabatingiz ham o‘zgaradi. Avval yoqtirmagan odamingizga hurmatingiz oshadi, yaxshi deb o‘ylaganingizdan esa ko‘nglingiz soviydi. Eng muhimi, bunga muallif sizni majburlamaydi. Voqealar va odamlarning xatti-harakatlari orqali o‘zingiz shu xulosaga kelasiz.
Nazarimda, “Andisha va g‘urur”ning ikki asrdan oshiq vaqt davomida sevib o‘qilishiga sabab ham shu. Zamon o‘zgardi, ayollarning imkoniyatlari kengaydi, munosabatlar shakli boshqa tus oldi. Ammo odamlarni tashqi ko‘rinishi, boyligi, mavqeyi yoki birgina gapiga qarab baholashimiz o‘zgarmadi.
Bu asar asosida ishlangan filmlar ham juda mashhur. Kitobdagi mazmun va hikoyaning 50 foizlarini koʻrsata olishgan deyolaman. Shuning uchun ham kitobini oʻqish va klassikadan shunchaki maza qilish kerak.
➡️@qora_yigit
Post #3356
633

- ❤ 12
- ✍ 4
- 🕊 3
- 🆒 3
- 💯 2