#finished
Tomas Harris – “Gannibal”
Ko‘pchilik “Gannibal” romanini "Qo‘zichoqlar sukunati"ning davomi sifatida biladi va xuddi shu ruhda davom etishini kutadi. Lekin Harris bu safar o‘quvchini butunlay boshqa o‘yinda o‘ynatadi. Avvaldan aytib qo‘yishim kerakki, bu roman "Qo‘zichoqlar sukunati"ni o‘qimagan bo‘lsangiz bor dozasi bilan, to‘liq ta’sir qilmaydi.
Chunki muallif bu safar “Gannibal”ni yangi hikoya ustida qurmaydi. Kitob oldingi romandagi munosabatlar, his-tuyg‘ular va ichki ziddiyatlar ustiga yangi qavat, yangi qatlam bo‘lim yotqiziladi. Klaris Starling kim ekanini, u nima uchun kurashganini bilmasangiz “Gannibal”dagi o‘zgarishlar, burilishlar sababi sizga to‘liq yetib bormaydi.
Endi kitobga qaytsak. Roman juda oddiy savolga javob izlaydi. Ya’ni bir inson sizni hammadan ko‘ra chuqurroq tushunsa, hammadan avlo ko‘rsa bu munosabatni qanday atasa bo‘ladi? Do‘stlikmi? Yaqinlikmi? Yoki butunlay boshqa narsami? Balki bu sevgidir? Starling va Gannibal a? Yo‘g‘-e, bo‘lishi mumkin emas...
Klaris Starling bu romanda umuman boshqa odamga aylangan. U "Qo‘zichoqlar sukunati"dagi yosh, o‘zining kimligini isbotlamoqchi bo‘lgan "stajyor" emas. U endi tajribali agent, lekin tizim uni yeb bitirgan. Roman boshidanoq Starling allaqachon charchagan, keraksizga chiqqan odam sifatida kirib keladi.
Doktor Gannibal Lekter esa bu romanda yanada murakkab shaxsiyatga aylanarkan. U endi ozodlikda. Lekter romanda o‘z dunyosi, o‘z estetikasi, o‘z axloqiy tizimi bor odam sifatida ochib berilgan. U oddiy, klassik yovuz emas. U Uyg‘onish davri san’atini chuqur tushunadigan, klassik musiqani vujudi bilan his qiladigan, arxitektura va nafis did sohibi.
Aynan shu ziddiyat kitobxonni esankiratib qo‘yadi. Qanday qilib shunday yuksak did va aql sohibi ayni paytda shunchalar vahshiy bo‘lishi mumkin? Yozarman ayni shu yo‘l orqali inson tabiati naqadar murakkab ekanligini isbotlab yuzimizga shapatilagandek bo‘ladi.
Romanning kuchi Klaris va Lekter o‘rtasidagi ruhiy tortishishning g‘oyat nozik tasvirlanganida deb o‘ylayman. Tomas Harris bu ikki qahramonni bir-biriga yaqinlashtirish uchun shunchaki sun’iy dramatik hodisalarga suyanmagan. Buni inson psixologiyasi orqali amalga oshirgan. Lekter Klaris Starlingning qo‘rquvlarini, umidlarini va bitmagan qalb jarohatlarini to‘liq his etadi, tushunadi. Bu esa Klerisga boshqacha ta’sir qiladi.
Chunki har qanday inson hech bo‘lmasa umrida bir marta boshqa odam tomonidan tushunilishni, o‘zi his etib turgandek tuyg‘ularining his etilishini, istaydi. Bu yerda gap qandaydir romantik tuyg‘ular haqida ketmayapti. Gap insonning eng chuqur, eng og‘riqli ehtiyojlaridan biri, kimdir tomonidan to‘laqonli anglanish istagi haqida ketmoqda. Qarabsizki "Qizil ajdarho" va "Qo‘zichoqlar sukunati"dan nihoyatda farqli yakun...
Xalqaro kitobxonlar jamlangan saytlarda yozilgan izohlarni erinmay o‘qib chiqdim. Ko‘pchilik kitobxonlar romanning xotimasini qabul qila olmagan ekan. Menga yakun qabul qilib bo‘lmaydigan darajada tuyilmadi. Ha, biz Klaris Starling hamisha "toza" va beg‘ubor qahramon obrazida ko‘rishga o‘rganib qolgan edik. Harris esa qoliplarni sindirib, uni tirik inson sifatida gavdalantirdi. Tirik insonlar esa... doim o‘zgarib, evrilib boradi...
Umuman olganda, “Gannibal”ni o‘qishga qulay kitob deb bo‘lmaydi. U sizning ongingizga yoqimli his-tuyg‘u bilan emas, bir olam noxush savollar bilan o‘rnashib oladi. Tushunish va manipulyatsiya o‘rtasidagi farq chegarasi qayerda? Jamiyat yomon deb hisoblaydigan inson sizni hammadan ko‘proq tushuna olishi nimani anglatadi? Sizning ham yomon ekaningiznimi yoki u insonning yaxshi ekaninimi? Yaxshilik va yomonlik o‘rtasidagi qizil chiziq qayerda o‘zi? Bu savollarga har kimning javobi turlicha bo‘lishi mumkin.
Javob izlagan har kim turli narsalarni o‘ylar ham balki. Muhimi shu jarayonda ichingizda nimalargadir javob topasiz, hayotning bir bo‘lagi bilan tanishasiz. Ana shu nuqtaga yetib borolsangiz, kitob o‘z missiyasini bajargan bo‘ladi. Qolganini esa keyingi, to‘rtinchi kitobda "Gannibalning yuksalishi"dan keyin gaplashamiz...
➡️@qora_yigit
Post #2876
3.13K

- 🔥 26
- ❤ 9
- 👍 9
- ❤🔥 7
- 😱 4