SIZ QANDAY DUO QILASIZ?
Postni o‘qishdan avval savollar:
• «Inshaalloh» so‘zi nega ishlatilishi haqida o‘ylab ko‘rganmisiz?
• Siz uni qanday holatlarda ishlatasiz?
🩷«Inshaalloh»ning lug‘atda ma’nosi — «agar Alloh istasa», «Xudo xohlasa», degani.
🩷Istilohda esa u «mo‘minlar orasida keng tarqalgan so‘zlardan bo‘lib, mo‘min kishi amalga oshirmoqchi bo‘lgan ish-harakati Alloh xohlasagina sodir bo‘lishini ta’kidlash uchun ishlatadigan so‘z» deb ta’riflanadi.
Nega aynan «inshaalloh» so‘zini ishlatamiz?
Bu «Kahf» surasidagi quyidagi oyatdan olingan:
{ وَلَا تَقُولَنَّ لِشَا۟یۡءٍ إِنِّی فَاعِلࣱ ذَ ٰلِكَ غَدًا ○ إِلَّاۤ أَن یَشَاۤءَ ٱللَّهُۚ وَٱذۡكُر رَّبَّكَ إِذَا نَسِیتَ وَقُلۡ عَسَىٰۤ أَن یَهۡدِیَنِ رَبِّی لِأَقۡرَبَ مِنۡ هَـٰذَا رَشَدࣰا }
[سُورَةُ الكَهۡفِ: ٢٣-٢٤]
23. Biror narsa haqida: «Men, albatta, ertaga shuni qiluvchiman», deya ko‘rmang!
24. Illo, «Inshaalloh, (Alloh xohlasa)», deng. Bu so‘zni unutgan vaqtingizda (yodingizga kelishi bilan) Rabbingizni zikr qiling (ya’ni, «inshaalloh», deng) va: «Shoyad Rabbim meni bundan ham yaqinroq to‘g‘ri yo‘lga hidoyat etsa», deng!
Qur’oni karim «inshaalloh» so‘zini kelajak ishlar haqida so‘zlaganda qo‘llash hamda ishimiz agar Robbimiz xohlasagina amalga oshishini unutmasligimiz lozimligi bilinadi.
Ammo biz so‘nggi yillarda «inshaalloh»ni boshqacha ishlatayotgandekmiz. Masalan, mana bunday:
«Alloh nasib etsin, inshaalloh».
«Alloh izzat qilsin Sizni, inshaalloh».
«Robbim muvaffaq qilsin Sizni, inshaalloh. Duolarda uchrashaylik, inshaalloh» va hokazo.
عن أبي هريرة أن رسول الله صلى الله عليه وسلم قال: «لا يقولنَّ أحدكم: اللهمَّ اغفر لي إن شِئت، اللهم ارحمني إن شِئت. ليعزم في الدعاء؛ فإنَّ الله صانع ما شاء لا مكره له» (رواه البخاري: [6339]، ومسلم: [2679])
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Sizlardan biringiz: “Ey Alloh, agar xohlasang, meni kechir. Ey Alloh, agar xohlasang, menga rahm qil”, demasin! Duosida qat’iy so‘rasin. Chunki Alloh istagan narsasini qiluvchidir, Unga qiyin narsa yo‘q», dedilar.
(Buxoriy: 6339; Muslim: 2678.)
Imom Ahmad rohimahullohning rivoyatlarida:
«فليعزم مسألته»
— «So‘rashini mahkam qilsin», so‘zi bilan kelgan.
قال بدر الدين العيني: «قوله: «فليعزم المسألة» أي: فليقطع بالسؤال، ولا يُعلِّق بالمشيئة؛ إذ في التعليق صورة الاستغناء عن المطلوب منه والمطلوب» (عمدة القاري: [22/299])
Ushbu hadis sharhida Badruddin Ayniy rohimahulloh shunday deydilar: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning «Duosini mahkam qilsin» so‘zlarining ma’nosi — qat’iy so‘rasin, duosini qattiq turib olib so‘rasin, oxirida «agar xohlasang», deb qo‘shib qo‘ymasin. Chunki bunda — «agar xohlasang», deb qo‘shimcha qilishda — Undan so‘ralayotgan Zotdan (Alloh taolodan) va so‘ralgan narsadan behojatlik ma’nosi bor.
(Umdatul Qoriy, 22/299.)
«Xohlasangiz, kitobingizni berib turing», desam, «xohlamasangiz, bermang», degani bo‘ladi.
«To‘yga o‘tarsiz, xohlasangiz», desam, «xohlamasangiz, kelmasangiz ham bo‘ladi», deb tushunishingiz mumkin.
Duodagi holat ham shunday: «Agar xohlasang, rahm qil», degani — «xohlamasang, rahm qilma, rahm qilmasang ham bo‘laveradi», degani bo‘lib qolishi mumkin.
Banda Robbisining yordamiga juda muhtoj ekani, o‘zi ojizligi, gunohkorligi, borishga boshqa eshigi yo‘q faqirligini izhor qilib duo qiladi. «Xohlasang berarsan, bermasang, o‘zing bilasan», deyish qul Xojasiga, faqir mutlaq Behojatga aytadigan gap emas. Hatto, bu kabi so‘rash ikki ojiz — banda bilan banda o‘rtasida ham namunali holat emas.
Yuqoridagi hadis misolida Alloh taolo bizga ishonch bilan, qat’iy turib, muhtojlikni izhor qilib duo qilishimizni buyurganini ko‘rdik. Qurʼon va hadisda kelgan duolarga qarasangiz ham «inshaalloh» so‘zini ko‘rmaysiz.
Bu maqolani o‘qiyotgan azizlarimiz aslo behojatlik ma’nosida «inshaalloh» so‘zini ishlatmasalar kerak. Ularning bu so‘zni duodan so‘ng ishlatishlari to‘g‘ridan-to‘g‘ri taqlid asosida shakllanib qolgan bo‘lishi mumkin.(Nazarimda, bu turk mediasi, adabiyotlari vhkzlar orqali ommalashdi.)
Alloh taolo bizga O‘zi istagan shaklda duolar qilishimizni va ularning ijobatini eng xayrli tarzda yetishimizni nasib etsin. Omin🌸
22.01.2023
@qizingizyozdi
Post #3399
3.54K
- ❤ 176