#historyofOneBook
«Choʻqintirgan ota»
Mario Pyuzo 1920-yilning 15-oktabrida Nyu-Yorkning «Hell’s Kitchen» («Doʻzax oshxonasi») deb atalgan kambagʻal mahallasida tugʻilgan. Otasi oilani tashlab ketgach, u maktabni tashlab ishga kirdi: temiryoʻl idorasida kotib, keyin davlat xizmatchisi boʻlib ishladi, ammo qalbida allaqachon yozuvchi boʻlishni orzu qilardi. 2-jahon urushida Germaniyada xizmat qildi, urushdan keyin Yangi ijtimoiy tadqiqotlar maktabi (New School) va Kolumbiya universitetida oʻqidi, erkaklar jurnallari uchun «pulp» hikoyalar yozdi.
Uning ilk ikki romani — «The Dark Arena» («Qorongʻi maydon», 1955) va «The Fortunate Pilgrim» («Baxtli ziyoratchi», 1964/65) — tanqidchilardan iliq baholar oldi. AQSH Gumanitar fanlar milliy fondi (NEH) jurnali «Humanities»da 2022-yilda chiqqan Jozef Farrell maqolasiga koʻra, «Nyu-York Tayms» ikkinchi romanni «kichik bir klassika» deb atagan. Lekin bu kitoblar deyarli pul keltirmadi: birinchisi 3,5K, ikkinchisi 3K dollar daromad keltirdi, xolos.
Farrell yozishicha, obroʻsiga qaramay, Pyuzo «togʻdek qarzlar» ostida qolgan; uning daromadi xotini va oilasini boqishga yetmasdi. U navbatdagi romani uchun nashriyotdan avans soʻraganda rad javobini oladi.
Bir muharrir esa «Baxtli ziyoratchi»dagi mafiya qahramoni koʻproq oʻrin egallaganida kitob yaxshiroq sotilardi, degan maslahatni bergan.
Shunday qilib, «Choʻqintirgan ota» (1969) ochiqdan-ochiq pul uchun yozildi. Pyuzo keyinchalik «The Godfather Papers» («Choʻqintirgan ota qogʻozlari») kitobida bu roman oldingi ikki kitobi darajasida emasligini tan olgan. U oʻquvchini toʻxtovsiz oʻqishga majburlash uchun «auditoriya uchun yozayotganini juda yaxshi his qilgan» va xarakterlarni harakatga boʻysundirgan. Farrell qayd etganidek, Pyuzoning oilasi aslida sitsiliyalik emas, neapollik boʻlgan.
Natija tarixda qoldi: roman dunyo boʻylab qariyb 21 million nusxada sotildi. Pyuzo rejissyor Frensis Ford Koppola bilan birgalikda «Choʻqintirgan ota» (1972), «Choʻqintirgan ota II» (1974) va «Choʻqintirgan ota III» (1990) filmlarining ssenariylarini yozdi. Dastlabki ikki film birgalikda toʻqqizta «Oskar» oldi — har ikkisi «eng yaxshi film» va «eng yaxshi ssenariy» nominatsiyalarida ham gʻolib boʻldi. Pyuzo «Supermen» (1978) va «Supermen II» (1980) ssenariylarida ham ishtirok etdi.
Farrell 1997-yilda Pyuzo bilan suhbatlashgan. Shunda yozuvchi axloq masalasida: «Men sotsiolog emas, romannavisman. Oʻquvchi oʻzi hukm chiqarsin», degan. Yana bir achchiq kinoyali eʼtirofi: u «qirq besh yil sanʼatga ishongan», ammo endi tushunibdiki, «kitob qancha koʻp pul topsa, uni shuncha yaxshi koʻrishadi».
Pyuzo 1999-yil 2-iyulda Nyu-York shtatidagi Bey-Shor shahrida vafot etadi.
@panda_books
Post #7751
358