#historyofOneBook
Besh haftada yozilgan qaygʻu romani: Enn Rays «Vampir bilan suhbat»ni qizidan judo boʻlgach qanday yozgan?
Bu yil amerikalik yozuvchi Enn Raysning «Vampir bilan suhbat» («Interview with the Vampire») romaniga 50 yil toʻldi — kitob 1976-yil aprelida Alfred A. Knopf nashriyotida chiqqan va muallifning debyut romani boʻlgan. Shu munosabat bilan yubiley nashri chiqdi, «Literary Hub» esa yozuvchi Ley Bardugoning bu kitob haqidagi essesini eʼlon qildi.
Kitobning tarixi qaygʻuli boshlanadi. Rays 1968 yoki 1969-yilda (manbalar turlicha) intervyu oluvchi nuqtai nazaridan hikoya qilinadigan, 30 sahifacha «Vampir bilan suhbat» degan hikoya yozgan edi. 1970-yilda uning toʻrt yoshli qizi Mishelga leykemiya tashxisi qoʻyildi va qizcha taxminan ikki yildan soʻng vafot etdi. Rays chuqur tushkunlikka tushdi.
1973-yilda, erining talabalaridan biri hikoyani kengaytirishni maslahat bergach, Rays uni romanga aylantirishga kirishdi va 338 sahifalik qoʻlyozmani besh haftada tugatdi: kunduzi vampirlar haqida izlanish olib borib, koʻpincha tunlari yozgan. Keyinchalik sharhlovchilar romandagi abadiy bola-vampir Klaudiya obrazida Mishelning aksini koʻrdi. Bardugo ham shunday yozadi: Rays qadimiy maxluqlar orqali qaygʻuning yangi metaforasini yaratgan, «Enn Raysni oʻqish — ham vampir, ham uning qurboniga aylanish demakdir».
Roman avvaliga koʻplab nashriyotlardan rad javobi oldi. Nihoyat 1974-yil oktabrida agenti Fillis Seydel huquqlarni Knopf’ga 12 ming dollarlik avansga sotdi — oʻsha paytda yangi mualliflar odatda 2 ming dollar atrofida olardi.
Kitob Lui ismli vampirning jurnalistga hikoyasi shaklida qurilgan, biroq Bardugo haqiqiy markaz — hammani oʻziga tortuvchi va halokatga boshlovchi Lestat ekanini taʼkidlaydi. Qariyb oʻn yildan soʻng Rays «Vampir Lestat» davomini yozdi va bu qahramon Stokerning Drakulasi va Shellining Frankenshteyn maxluqi qatoridan joy oldi.
2008-yilga kelib roman dunyo boʻyicha 8 millionga yaqin nusxada sotilgan edi. 1994-yilda u Tom Kruz, Bred Pitt, Antonio Banderas va Kirsten Danst ishtirokida ekranlashtirildi. Rays avvaliga Kruzni Lestat roliga qarshi chiqqan, ammo filmni koʻrgach, uning ijrosini maqtagan.
@panda_books
Post #7739
452
- 🔥 2
- ❤ 1