TGViewer
Panda Books Panda Books @panda_books · 5.12K subscribers
Post #7732 247
#tahlil

Audiokitob qogʻoz kitobni oʻldiradimi? Audible soʻrovnomasi: tinglovchilarning 69 foizi oʻsha kitobni avval oʻqigan, yarmi esa sunʼiy intellekt ovoziga tayyor

Frankfurt kitob yarmarkasi doirasidas Audible kompaniyasi buyurtmasi bilan NielsenIQ tadqiqot kompaniyasi oʻtkazgan «Tinglashning kelajagi» («The Future of Listening») nomli keng koʻlamli soʻrovnoma natijalari eʼlon qilindi.

«Publishing Perspectives» nashri muxbiri Erik Dyupyuining yozishicha, soʻrovnomada 11 ta bozordan — AQSH, Buyuk Britaniya, bir qator Yevropa davlatlari, Yaponiya va Braziliyadan 18 ming isteʼmolchi ishtirok etgan.

Muallif Audible soʻrovnoma metodologiyasini batafsil oshkor qilmaganini alohida taʼkidlaydi. Tadqiqotning asosiy xulosasi koʻpchilik kutganidan farq qiladi: audiokitoblar odamlarni bosma va elektron kitobdan uzoqlashtirmaydi, aksincha, ularga qaytaradi.

Respondentlarning 34 foizi oʻtgan yili undan oldingi yilga nisbatan koʻproq audiokitob tinglaganini aytgan. Audible bu tendensiya rivojlangan bozorlarda ham, yangi shakllanayotgan bozorlarda ham kuzatilayotganini maʼlum qildi.

Eng qiziq raqamlardan biri: tinglovchilarning 69 foizi audio shaklda tinglagan asarni avval oʻqib chiqqan boʻlgan. Muallifni aynan audiokitob orqali kashf etganlarning 63 foizi esa keyin oʻsha muallifning boshqa asarini sotib olgan. Demak, audio — kitobxonlikning raqibi emas, balki uning yangi eshigi.

Kitob tanlashda janr hal qiluvchi rol oʻynaydi. Badiiy va ilmiy-ommabop adabiyot nisbati dunyo boʻyicha oʻxshash, ammo yetakchi janrlar bozordan bozorga farq qiladi.

Audiblening kontent boʻyicha bosh direktori Reychel Giazza janrni «muxlislik tushunchasi» deb atadi.
Eng munozarali natija sunʼiy intellekt bilan bogʻliq: respondentlarning qariyb yarmi sunʼiy intellekt oʻqigan audiokitobni sinab koʻrishga tayyorligini aytgan.

Aksariyat bozorlarda bunga qiziqish badiiy adabiyotda ilmiy adabiyotga qaraganda yuqoriroq, faqat Germaniya va Yaponiya bundan mustasno. Giazza bu yondashuvni «ham… ham… strategiyasi» deb izohladi: insoniy diktorlar qoladi, ishlab chiqarishdagi tejov esa koʻproq kitobni audio shaklga oʻtkazishga sarflanadi. «Sifat va shaffoflik nihoyatda muhim», — dedi u.

Audible uchun eng tez oʻsayotgan bozorlar — Yaponiya va Braziliya. Bu yil kompaniya 11 ta alohida doʻkon ochdi, navbatda Indoneziya, Janubiy Koreya, Daniya, Norvegiya va Finlyandiya turibdi.

Kompaniya mualliflik huquqi egalari uchun ham yangiliklarni eʼlon qildi: elektron va audio nashrlarni birlashtiruvchi «Read + Listen» xizmati yana beshta bozorga kengayadi; ijodkorlar bilan birga yaratilgan interaktiv hikoyalar tinglovchini seriyaning keyingi kitobiga oʻtishga koʻproq undayotgani qayd etildi; mualliflar uchrashuvlarda tarqatishi mumkin boʻlgan QR-kodli sovgʻa kartalari, nashriyotlar uchun yangi hisobot paneli va oilaviy ulashish imkoniyati rejalashtirilmoqda.

Maqola muallifi bir muhim ogohlantirishni ham qoʻshadi: soʻrovnomada sunʼiy intellektga «ochiqlik» bildirish hali haqiqiy xarid xulqi degani emas. Shunga qaramay, Giazza ikkilanayotgan noshirlarga qatʼiy javob berdi: «Buning vaqti kelyapti emas — vaqti hozir».

@panda_books
Publishing Perspectives Home International publishing news and opinion
  • 🔥 3
More from @panda_books
  1. Oct 10, 2026Diqqat e’lon! Panda Booksning Toshkentdagi ilk kitob javonlarimdan birini sotuvga qoʻymoqc…
  2. Oct 9, 2026#mutolaa “Doimo takrorlanadigan istisnolar takrorlana-takrorlana umumiy qoidaga aylanadi”.…
  3. Oct 9, 2026#news «Tayvan sayohatnomasi» tarjimoni Lin King «vositachi tarjima»ga qarshi sudga murojaa…
  4. Oct 9, 2026photo post
  5. Oct 8, 2026#newbook #yangikitob Va NIHOYATTT! Ruslarda adib romanchiligi haqida “Dostoyevskiyning Buy…
  6. Oct 8, 2026#meme Buyam aktual @panda_books
Threads Profile ViewerView any public Threads profile without an account.Open ThreadLook →Writing with AI? Make it sound human.Metric37 rewrites AI drafts so they read naturally. Free AI detector, 1,500 words free.Try Metric37 →