Xursand bo‘lishga ko‘p narsa kerak emas aslida.
O‘tgan oy ryukzagimni, kecha esa quloqchinlarimni yangiladim.
Eski ryukzagimni 4 yil, quloqchinimni esa 3,5 yil ishlatibman.
Tashqi ko‘rinishidagi ayrim kamchiliklarni hisobga olmaganda, hali ham o‘z vazifasini bemalol bajarayotgandi.
Shunga qaramay, ularni yangilashga qaror qildim.
Qizig‘i, eskilaridan ayrilishim ham oson bo‘lmadi. Ular bilan qancha safarlarga chiqdim, qancha yo‘l bosdim. Ryukzagim yelkamda, quloqchinim qulog‘imda — hayotimning bir necha yili shu buyumlar bilan o‘tibdi.
Uncha-buncha quvonchli va qayg'uli kunlarimda yonimda bo'lishibti. O'ylab qarasam bu orada na kiyimlarim, na telefonlarim, na kompyuterlarim bunchalik uzoq yo'lni men bilan o'tishmagan ekan.
Psixologiyada endowment effect — egalik effekti degan tushuncha bor. Daniel Kahneman va uning hamkasblari 1990-yilda o‘tkazgan tajribalarida ushbu effektni — odamlarning biror buyumga shunchaki oʻziniki boʻlgani uchungina haqiqiy qiymatidan yuqoriroq baho berish tendensiyasi ekanligini isbotlashgan.
Balki, eski buyumlarimdan ayrilish qiyin bo‘lganining sabablaridan biri ham shudir. Ularning men uchun qiymati allaqachon narxidan oshib ketgandi.
Yangi xaridlarim esa menga negadir yangi telefon ham bermay qo‘ygan emotsiyalarni berdi.
Bilmadim, bu eskilarining qadrli bo‘lganidanmi, Apple yangi iPhonelari bir-biridan farq qilmay qo'yganigami yoki shunchaki tabiatim shunaqami.
Bundan tashqari yana bir tushuncha bor — hedonic adaptation. Ya’ni inson yaxshi narsalarga ham vaqt o‘tishi bilan ko‘nikib qoladi. Bir paytlar juda xursand qilgan yangilik keyinchalik oddiy kundalik hayotning bir qismiga aylanadi.
Shu haqda o‘ylab, bir narsani tushungandek bo‘ldim.
Balki, xursandchilikning kattaligi har doim ham xaridning kattaligiga bog‘liq emasdir. Ba’zan oddiy bir buyumning yangilanishi ham odamga katta quvonch berishi mumkin, bunga ko'proq emotsional bog'liqlik sabab.
Muhimi, bor narsalarning qadrini yo‘qotmaslik va kichik yangiliklardan xursand bo‘la olish bo‘lsa kerak.
Oxirgi rasmda yangi ryukzagim va quloqchinlarimni ko'rishingiz mumkin, ular bilan yangi xotiralar kutilmoqda nasib qilsa!
@otabek_komil
Post #627
116


