TGViewer
Orif Tolib Orif Tolib @oriftolib · 15.2K subscribers
Post #694 1.58K
​Koʻngil koʻzlari

Kasalxona boʻlmasida ikkita ogʻir bemor yotardi. Kasallarning biri deraza yoniga, ikkinchisi eshik yaqiniga joylashgandi.

– Tashqarida nima gaplar? Oynadan u-bu koʻrinyaptimi? Juda siqilib ketdi-yu odam... – dedi eshik oldidagi kishi.

– Oʻ-oʻ! – dedi jonlanib ikkinchi xasta. – Osmonni, bulutlarni, koʻlni va olisdagi oʻrmonni koʻryapman.

Deraza yonidagi kishi har kuni xonadoshiga deraza ortida nimalar boʻlayotganini soʻzlab berardi. U koʻldagi baliqchilar, ularning katta ilmoqlari, tutgan baliqlari, sohilda oʻynab yurgan bolalar, ufqqa bosh qoʻygan quyosh, suvning mavjlanib turishi va hokazolar haqida gapirardi.

U ajoyib-gʻaroyib manzaralarni hikoya qilarkan, sherigining ichini it tirnardi. “Bu adolatdan emas, – deb oʻylardi. – Nimaga uni deraza yoniga qoʻyishgan-u, meni poygakka, oyoqostiga itqitishgan? U har kuni dunyoni tomosha qilib, rohatlanib yotadi. Men boʻlsam, boʻyogʻi koʻchgan eshikdan boshqa narsani koʻrmayman”.

Bir kuni oyna yonidagi bemorni qattiq yoʻtal tutdi, xirillab nafas ola boshladi. U hamshirani chaqirish uchun bosh tomonidagi qoʻngʻiroq tugmasiga intildi, biroq yeta olmadi. Chunki bunga majoli qolmagandi, yoʻtal kuchaygan, aʼzoyi badani dir-dir titrardi. Xonadoshi boʻlayotgan voqealarni jimgina kuzatib turdi. Xohlasa, oʻzining tugmachasini shundoqqina bosar, hamshira zumda yetib kelardi. Lekin u xohlamadi.

Biroz vaqt oʻtgach bemor tinchib qoldi. U bu gʻalvali va diqqinafas dunyoni manguga tark etdi.

Uni olib chiqib ketishayotganda xonadoshi hamshiradan: “Endi meni oyna yoniga olib oʻtib qoʻysangiz”, deb iltimos qildi. Hamshira uning oʻtinchini yerda qoldirmadi. Koʻrpa-toʻshaklarni toʻgʻriladi, ustidagi jildini yangilagach, yaxshilab sirdi. Soʻng bemorni koʻchirib oʻtkazdi. Hammasi joyida ekaniga ishonchi komil boʻlgach, eshik tomonga yoʻnaldi. Biroq uni kasalning tovushi toʻxtatdi. Uning ovozida ajablanish bor edi:

– Axir qanaqasiga?! Bu oynadan qup-quruq devorlargina koʻzga tashlanyapti-ku! Anavi oʻlgan xonadoshim menga oʻrmonni, koʻlni, bulutlarni, odamlarni koʻrgani haqida gapirgandi. Qanday qilib? Axir bu oynadan odamni zavqlantiradigan hech narsa koʻrinmayapti!

Hamshira maʼyus jilmaydi:

– U umuman koʻra olmasdi. Bechora sherigingizning koʻzlari ojiz edi.


Orif Tolib

(erkin tarjima)


@oriftolib | Sahifalarimiz
More from @oriftolib
  1. Oct 1, 2026Qahramon imkoni bor ishni bajaradi, boshqalar esa – yoʻq. — Romen Rollan @oriftolib | Sahi…
  2. Sep 30, 2026Otalik va ijodkorlik: ziddiyat yoki yangi turtki Yozuvchi Daniel Svift farzand koʻrish erk…
  3. Sep 30, 2026🇹🇷 HILAL EDU TURK TILI KURSLARIGA QABUL OCHIQ! Bepul darslarimiz sizga yoqqan bo'lsa, en…
  4. Sep 30, 2026Kambagʻalning tuni qisqa. — Digor xalq maqoli @oriftolib | Sahifalarimiz
  5. Sep 29, 2026Sunʼiy intellekt va oʻzbek tili: raqamli makondagi yoʻqotishlar Yirik sunʼiy intellekt (SI…
  6. Sep 29, 2026“Menga nima, senga nima?”: loqaydlik va qaldirgʻoch rivoyati Aziz Norqulov “Qaldirgʻoch tu…
Threads Profile ViewerView any public Threads profile without an account.Open ThreadLook →Writing with AI? Make it sound human.Metric37 rewrites AI drafts so they read naturally. Free AI detector, 1,500 words free.Try Metric37 →