TGViewer
Orif Tolib Orif Tolib @oriftolib · 15.2K subscribers
Post #544 2.19K
​Yaxshi asarlar

Yaxshi asar inson qalbiga, dunyoqarashiga, fikrlashiga taʼsir oʻtkaza oladi.

Hatto tuygʻularni ham tarbiyalaydi. Chunki biz baʼzi tuygʻularni chala his etgan yoki his qilgan-u, unutvorgan boʻlishimiz mumkin. Ayrimlariga esa koʻnglimiz yuzma-yu kelmagan, ammo u tomirlarimizda, genlarimizda yashayapti. Mahorat, isteʼdod va butun qalb bilan yozilgan asarlar ana shu tuygʻularni uygʻotadi, harakatga keltiradi, bizga ularni tanitadi. Bu kabi kitoblarni oʻqiyotganda soʻzlardagi sehr, ifodalardagi teranlik, fikrlardagi ohanrabodan hayratga tushasan, qanday qilib shunday asar yozish mumkin deb hayratlanasan. Muallifga ich-ichingdan qoyil qolasan.

Aslida, bu ham bir qonuniyat. Ijod jarayonida yozuvchining qalbi ochilgan, u gʻoyibona oʻquvchisi bilan samimiy, rost suhbat qurgan, fikru oʻylari, kechinmalariga favqulodda chuqur nazar tashlagan. Albatta, muallif yetarlicha bilim va salohiyatga ham ega. Buni ilhom deb atash mumkin.

Ilhom bilan yozilgan asarlar kitobxonga albatta taʼsir qiladi. Mabodo ijodkor boʻlsangiz, bunday kitoblar mutolaasi sizga yangi bilim, tushuncha beradi, tuygʻuni ilgʻash qobiliyatingizni kuchaytiradi. Yangi bir fikr tugʻilishiga, ayni mavzudagi yoki umuman boshqa bir mavzuda nimadir yozishingizga turtki beradi.

Bu gaplar faqatgina badiiy adabiyotga tegishli emas. Turli sohalarga oid, deylik, psixologiya, fizika yoki astronomiyaga oid chuqur bilim va isteʼdod bilan yozilgan asarlar mutolaasi ham koni foyda. Siz matematikmisiz, shoirmisiz, muhandismisiz, dehqonmisiz – farqi yoʻq. Muhimi, bu kitoblarni anglab, oʻzingizga singdira olsangiz boʻldi.

Kitob javonimizda yoki elektron qurilmamizda shunday teran asarlar koʻpayaversin. Shunga mos ravishda oʻqish va uqishga ragʻbatimiz ham ortib borsin. Munosib kitoblarni saralash koʻnikmamiz shakllanib, vaqtimiz va ishtiyoqimizni asrab-qoʻriqlab tursin. Yaxshi asarlar ongimiz va qalbimizni boyitaversin.

Barchangizga yoqimli mutolaa tilayman.

@oriftolib | Sahifalarimiz
  • 👍 3
More from @oriftolib
  1. Oct 1, 2026Qahramon imkoni bor ishni bajaradi, boshqalar esa – yoʻq. — Romen Rollan @oriftolib | Sahi…
  2. Sep 30, 2026Otalik va ijodkorlik: ziddiyat yoki yangi turtki Yozuvchi Daniel Svift farzand koʻrish erk…
  3. Sep 30, 2026🇹🇷 HILAL EDU TURK TILI KURSLARIGA QABUL OCHIQ! Bepul darslarimiz sizga yoqqan bo'lsa, en…
  4. Sep 30, 2026Kambagʻalning tuni qisqa. — Digor xalq maqoli @oriftolib | Sahifalarimiz
  5. Sep 29, 2026Sunʼiy intellekt va oʻzbek tili: raqamli makondagi yoʻqotishlar Yirik sunʼiy intellekt (SI…
  6. Sep 29, 2026“Menga nima, senga nima?”: loqaydlik va qaldirgʻoch rivoyati Aziz Norqulov “Qaldirgʻoch tu…
Threads Profile ViewerView any public Threads profile without an account.Open ThreadLook →Writing with AI? Make it sound human.Metric37 rewrites AI drafts so they read naturally. Free AI detector, 1,500 words free.Try Metric37 →