Egasi yoʻq muammo: imlodagi chalkashliklarga yechim kerak
Oʻzbek tilining asosiy imlo qoidalari tasdiqlangach, 1995-yili maktablar uchun qoʻllanma sifatida imlo lugʻati nashr etildi. Keyinchalik 2013-yili 85 000 dan ortiq soʻzni oʻz ichiga olgan va hozircha oʻzbek lotin alifbosidagi eng qamrovli imlo lugʻati bosmadan chiqdi. Ikki lugʻatdagi bir necha oʻnlab soʻzlar imlosida farq bor. Shu sababli foydalanuvchilar orasida turli tushunmovchilik va chalkashliklar paydo boʻlgan. 2013-yilgi lugʻat chop etilganiga ham sakkiz yil boʻlyapti. Lekin qaysi lugʻatga asoslanish kerakligi haqida haligacha aniq koʻrsatma yoʻq. Xoʻsh, bu masalani kim hal qilib beradi? Davlat tilini rivojlantirish departamentimi, OʻzRFA Oʻzbek tili, adabiyoti va folklori institutimi yoki Alisher Navoiy nomidagi oʻzbek tili va adabiyoti universitetimi?
Bugun asosan ikkita lugʻatga: 1995-yili “Oʻqituvchi” va 2013-yili “Akademnashr” nashriyotida chop etilgan lugʻatlarga koʻp murojaat qilinadi. Biroq bu ikki lugʻatda bir-birini rad qiladigan oʻrinlar bor.
Jumladan, 1995-yilgi lugʻatga sentabr, oktabr shaklida kiritilgan soʻzlar 2013-yilgi lugʻatdan sentyabr, oktyabr koʻrinishida oʻrin olgan.
Xoʻsh, bu ikki lugʻatdan qaysi biridan foydalanish kerak? Quyida ikki lugʻatda turlicha yozilgan soʻzlardan baʼzilari bilan tanishish mumkin:
1995-yilgi lugʻatga koʻra yozilishi
Aluminiy
Brilyant
Budjet
Dirijor
Dujina
Duym
Glukoza
Kastrul
Kastum
Lustra
Miniatura
Parashut
Regulator
Rejissor
Verstka
2013-yilgi lugʻatga koʻra yozilishi
Alyuminiy
Brilliant
Byudjet
Dirijyor
Dyujina
Dyuym
Glyukoza
Kastryul
Kostyum
Lyustra
Miniatyura
Parashyut
Regulyator
Rejissyor
Vyorstka
Ayni damda Milliy oʻquv dasturi boʻyicha darsliklar yangitdan ishlanyapti. Bu jarayonda qaysi bir lugʻatdan foydalanish masalasi koʻndalang turibdi. Shu paytgacha chiqqan aksariyat darsliklar 1995-yilgi lugʻatga asoslangan. Oʻqituvchilar oʻn yillar davomida oʻquvchilarga soʻzlarni sentabr, oktabr, budjet, miniatura, drijor shaklida yozishni oʻrgatib kelgan. Ammo 1995-yilgi lugʻatdan davomli foydalanish oʻzini oqlamaydi. Chunki unda soʻz kam. Oddiy natyurmort, kompyuter kabi soʻzlar kiritilmagan. Holbuki, hozir bu tushunchalar bilan oʻquvchilar birinchi sinfdayoq tanishyapti.
Nashrga tayyorlanilayotgan darsliklarda koʻp soʻzli va nisbatan keyingi nashr boʻlgani uchun 2013-yilgi lugʻatga asoslanilyapti. Biroq hali kitoblar chop etilmasidanoq mualliflar, taqrizchilar, ekspertlar va amaliyotchi oʻqituvchilar oʻrtasida imlo masalasida tushunmovchiliklar kelib chiqyapti. Ularga-ku bir amallab tushuntirsa boʻladi. Lekin ertaga oʻn mingdan ortiq maktabda dars berayotgan bir necha oʻn minglab oʻqituvchilarga, oldin soʻzni boshqa shaklda yozib oʻrgangan oʻquvchilarga qanday izoh berish mumkin?
2013-yilgi lugʻat chiqqaniga sakkiz yil boʻlyapti. Hozircha eng katta, qamrovli lugʻat – shu. Qaysi lugʻatga asoslanish masalasi nega haligacha uzil-kesil hal etilmagan, degan haqli savol tugʻiladi. Savolning javobi hozircha yoʻq...
Yechimini kutayotgan savol shu: darslik va qoʻllanmalarda qaysi lugʻatdan foydalanish kerak? Imlo prinsipidagi chalkashliklarda (xilmaxillik, ketma-ketlik kabi) qanday yoʻl tutish zarur?
Til masalasiga masʼul tashkilotlardan bu borada rasmiy javob kutamiz.
👉 Toʻliq oʻqish
@oriftolib | Sahifalarimiz
Post #1476
47.1K