TGViewer
Orif Tolib Orif Tolib @oriftolib · 15.1K subscribers
Post #1400 2.61K
Sapcha nima?

Soʻzlashuvda va badiiy uslubda “Boshingni sapchadek uzib tashlayman” degan tahdidli gap ishlatib turiladi. Sapcha oʻzi nima?

Sapcha pishib yetilmagan kichkina qovun; xomak degani. Oldin tilimizda faol ishlatilgan.

Juda koʻp tushunchalar, narsalarning otini unutdik, ishlatmay qoʻydik. Bitta-yarim yoshi ulugʻ kishining yoki tili boy odamning gapida uchraydigan bunaqa topildiq soʻzlarni qulogʻimiz yotsirab qabul qiladigan boʻlib qoldi.

Izohli lugʻatda keltirilgan misollarga eʼtibor bersangiz, sapcha soʻzi XX asr oʻrtalarida va undan keyin ham jonli tilda qoʻllanganiga ishonch hosil qilasiz:

– Qovun tushiradiganlarga yordamlashaman, sapcha berishadi, – dedi Otaboy.
Gʻ. Gʻulom, Shum bola.

Engashib, palaklarni titib qarasang, tugunak, sapcha, xomaklar qiygʻos...
N. Fozilov, Diydor.

“Boshni sapchadek uzib tashlamoq” iborasida nega aynan sapcha soʻzi ishlatilgan? Qovunning poyasi bodring poyasiga oʻxshash. Har ikki ekinning mevasi oson uziladi. Ters qayirsangiz, tirs etib uzilib ketadi. Nega qovun emas, sapchaga oʻxshatilgan? Menimcha, bunga sapcha kichikroq boʻlgani, bosh hajmiga toʻgʻri kelishi sabab. Bunda tahdid qilinayotgan kishini yerga urish, boshini pishmagan qovunga oʻxshatish orqali aql-idrokida nuqson borligiga ishora qilish ham boʻlishi mumkin.

Nosir Fozilov asaridan olingan yuqoridagi misolda tugunak soʻzi ham ishlatilgan. Maʼnosini tushunmadim. Lugʻatdan koʻrsam, oʻsimlik ildizpoyasining yer ostidagi yoʻgʻonlashgan qismi; ildizmevali oʻsimliklarning hosili ekan. Tuganak ham deyilar ekan. Demak, sabzi, sholgʻom, rediska kabi ekinlar mevasining umumiy nomi – tugunak yoki tuganak.

📌 Xulosa: tilimizni chuqurroq oʻrganishimiz, oʻrganganlarimizni tilda qoʻllashimiz kerak. Bu bilan ham oʻz nutqimizning ifoda imkoniyatlarini kengaytiramiz, ham tilimizni qashshoqlashishdan saqlashga xizmat qilgan boʻlamiz.

@oriftolib | Sahifalarimiz
  • 👍 5
More from @oriftolib
  1. Sep 25, 2026Navoiy “Kulliyot”ining nodir faksimile nusxasi Oʻzbekistonga keltirildi Alisher Navoiy “Ku…
  2. Sep 25, 2026🚀 20:30’da jonli efir boʻladi, rejangizga kiritib qoʻying! 🎤 Bugun 20:30’da shu kanalda…
  3. Sep 25, 2026Turk tili ustozi Gʻulomjon xoʻja (turk tilida ustozga hoca deb hurmat koʻrsatishadi) oʻquv…
  4. Sep 23, 2026Bolalar smartfonga emas, kitobga ham talpinishi mumkin Bolasiga kitob oʻqita olmay xunob b…
  5. Sep 18, 2026Post #4893
  6. Sep 18, 2026Bunisini eshitganmidinglar? Bunaqa gapni yana aytishning zarari yoʻq, menimcha. Bugungi lo…
Threads Profile ViewerView any public Threads profile without an account.Open ThreadLook →Writing with AI? Make it sound human.Metric37 rewrites AI drafts so they read naturally. Free AI detector, 1,500 words free.Try Metric37 →