Bioxilmaxillikmi yo bioxilma-xillik?
Lugʻat, darslik va boshqa manbalardagi turfaxilliklar odamni chalkashtiradi, tushunmovchilik va xatolar koʻpayishiga sabab boʻladi.
Bioxilmaxillik soʻzini qanday yozish kerakligi haqidagi bahs shu maqolani qoralashga turtki berdi.
Imlo qoidalariga koʻra, soʻzning -ma, ba- yordamida birlashgan qismlari chiziqcha bilan yoziladi: koʻchama-koʻcha, uyma-uy, rang-barang, dam-badam kabi. Lekin mustaqil ishlatilmaydigan qism qatnashsa, bunday soʻzlar qoʻshib yoziladi: roʻbaroʻ, darbadar kabi.
2013-yili nashr etilgan imlo lugʻatlarida xilma-xil soʻzi chiziqcha bilan, xilmaxillik soʻzi esa chiziqchasiz, qoʻshib yozilgan. Menimcha ham, bu yondashuv toʻgʻri. Nega?
Xilma-xil soʻzini chiziqcha bilan yozish kerak, bu yuqorida keltirilgan qoidaga aynan mos. Xilmaxillik soʻzi esa sifatdan otga aylanyapti va bitta tushunchani bildiryapti. Bitta tushunchani bitta soʻz bilan, chiziqchasiz ifodalash mantiqan toʻgʻri. U endi qoʻshimcha yordamida bogʻlanayotgan takror soʻz emas.
Ammo masala shu bilan hal boʻlmaydi. Oʻylantiradigan, chalkashtiradigan sabablar bor.
Imlo lugʻatida xilmaxillik tarzida berilgan soʻz izohli lugʻatda xilma-xillik shaklida yozilgan. Bunga oʻxshash boshqa misollarni ham keltirish mumkin...
Chalkashtirmaylik, sifat shaklida chiziqcha bilan yozilyapti, otga aylanganda ham chiziqcha bilan yozilsin degan mulohazaga ham koʻnsa boʻladi. Muhimi, yakdillik, bir xil qoida, bir xil tartib boʻlsin. Shunga amal qilaylik.
Bioxilmaxillik soʻzini esa hozircha har kim oʻz tanlovi boʻyicha yozib turadi. Men chiziqchasiz variantni tanlagan boʻlardim.
Xullas, bu masalaga nuqta qoʻyish oʻzini tilga masʼul sanaydigan tashkilot va mutasaddilarga havola.
👉 Toʻliq oʻqish
@oriftolib | Sahifalarimiz
Post #1070
2.61K
- 👍 4