🔹Birinchi instansiya sudining ajrimi bilan arizachi “N” ning javobgar tuman saylovga ko'maklashuvchi komissiya raisi – tuman hokimining xulosa xatini haqiqiy emas deb topish haqidagi arizasi bo'yicha ish yuritish tugatilgan. Mazkur ajrim yuqori instansiyalarda o'zgarishsiz qoldirilgan.
🔹Biroq aniqlanishicha, “D” MFY raisi saylovini tashkil etish va o'tkazish bo'yicha ishchi guruhi tomonidan fuqarolar yig'ini raisi saylovida arizachi “N”, uchinchi shaxslar “T”, “Sh” va “A” ning nomzodlari taklif etilgan.
Javobgarning fuqarolar yig'ini raisi saylovini tashkil etish va o'tkazish bo'yicha ishchi guruhiga taqdim etgan xulosa xatida komissiya tomonidan fuqarolar yig'ini raisi lavozimiga ko'rsatilgan nomzodlarga oid hujjatlar ko'rib chiqilib, arizachi “N” va uchinchi shaxs “T” ning nomzodlari “Fuqarolar yig'ini raisi saylovi to'g'risida”gi Qonunning 17-moddasi talablariga mos kelmaganligi uchun rad qilinganligi ma'lum qilingan.
Sudlar ushbu xulosa ma'muriy hujjat hisoblanmasligi, qonunda uni ustidan shikoyat qilish tartibi nazarda tutilmaganligi, taraflar o'rtasida ommaviy huquqiy munosabat vujudga kelmaganligi asosi bilan ariza ma'muriy sudning sudloviga taalluqli emas deb hisoblab, ishni ish yuritishdan tugatish haqida noto'g'ri xulosaga kelgan.
📌Chunki, “Fuqarolar yig'ini raisi saylovi to'g'risida”gi Qonunning 16-moddasi talablariga ko'ra xulosa shaxsni fuqarolar yig'ini raisi lavozimiga nomzod sifatida ko'rsatilishiga asos bo'luvchi yakuniy hujjat hisoblanib, unga asosan arizachining fuqarolar yig'ini raisi lavozimiga saylanish uchun ko'rsatilgan nomzodi rad etilgan.
Shunga ko'ra, javobgar ma'muriy organ bo'lib, taraflar o'rtasidagi munosabat ommaviy huquq normasi bilan tartibga solinishi va nizolashilgan xulosa arizachining saylanish huquqini cheklaganligi bois unga nisbatan muayyan huquqiy oqibatni yuzaga keltirganligi sudlar tomonidan inobatga olinmagan.
✅Shu sababli, Oliy sud Ma'muriy ishlar bo'yicha sudlov hay'atining qarori bilan sud hujjatlari bekor qilinib, ish mazmunan ko'rish uchun birinchi instansiya sudiga yuborilgan.
O'zbekiston Respublikasi Oliy sudining Ma'muriy ishlar bo'yicha sudlov hay'ati tomonidan 2026 yilning birinchi yarmida taftish tartibida ko'rilgan ishlar bo'yicha sud amaliyoti obzoridan
Veb-sayt I Telegram I Facebook I Instagram I YouTube