Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Korrupsiyaga qarshi kurashish va sud-huquq masalalari qo‘mitasi tomonidan “O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy sud ishlarini yuritish to‘g‘risidagi kodeksini tasdiqlash haqida”gi qonun loyihasi muhokamasiga bag‘ishlangan ishchi guruh yig‘ilishi o‘tkazildi.
Deputatlar, Oliy sud vakillari, mutaxassis-ekspertlar ishtirok etgan ishchi guruh yig‘ilishida ta’kidlanganidek, qonun loyihasida ma’muriy sud ishlarini yuritishning vazifalari yanada aniqlashtirilmoqda. Ma’muriy organlar faoliyati ustidan samarali sud nazoratini ta’minlash, huquqni qo‘llash amaliyotini inson qadr-qimmati, huquq va erkinliklarini hurmat qilish kabi konstitutsiyaviy prinsiplarga muvofiq shakllantirish ustuvor vazifalar sifatida belgilanmoqda.
Shuningdek, loyihada sudning faol ishtiroki prinsipi ham kuchaytirilmoqda. Xususan, sud tomonidan da’vogarga arizadagi formal kamchiliklarni bartaraf etish, talablarni aniqlashtirish va munosib da’vo turini tanlashda ko‘maklashish, ishning haqiqiy holatlarini har tomonlama va xolisona tekshirishga qaratilgan normalar nazarda tutilyapti.
Qonun loyihasida taklif etilayotgan normalarning mazmun-mohiyati, ularning fuqarolar va yuridik shaxslarning huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini sud orqali samarali himoya qilishdagi ahamiyatiga alohida e’tibor qaratildi.
Ishchi guruh a’zolari tomonidan qonun loyihasining har bir normasi huquqni qo‘llash amaliyoti nuqtayi nazaridan puxta tahlil qilish, ularning aniq va bir xilda qo‘llanilishini ta’minlash, fuqarolar hamda tadbirkorlik subyektlarining odil sudlovga erishish imkoniyatlarini yanada kengaytirish masalalari yuzasidan fikr-mulohazalar bildirildi.
Muhokama yakunida bildirilgan taklif va mulohazalarni inobatga olgan holda qonun loyihasini maromiga yetkazish hamda Qonunchilik palatasining majlisida birinchi o‘qishda ko‘rib chiqish uchun puxta tayyorlash bo‘yicha tegishli vazifalar belgilab olindi.
Veb-sayt I Telegram I Facebook I Instagram I YouTube
Post #52676
1.38K