Toshkent davlat yuridik universiteti Xalqaro huquq va inson huquqlari sho‘basi o‘qituvchisi Odilbek Iriskulov tomonidan “SHUUR” raqamli ta’lim platformasi ishlab chiqildi.
O‘qituvchilar, talabalar va mustaqil ta’lim oluvchilar uchun zamonaviy texnologiyalar va sun’iy intellekt imkoniyatlaridan samarali foydalanishga yo‘naltirilgan mazkur platforma o‘quv materiallarini qisqa vaqt ichida interaktiv mashg‘ulotlarga aylantirish imkonini bermoqda.
SHUUR.uz platformasiga PDF, Word, taqdimot, Excel fayllari, matn, rasm va audio materiallar, YouTube videolari, veb-sahifa havolalarini yuklash yoki shunchaki kerakli mavzuni kiritish mumkin. Platforma ushbu materiallar asosida qisqa vaqt ichida test, krossvord, moslashtirish, bo‘sh joylarni to‘ldirish, “flashcard” va boshqa turdagi 20 xil interaktiv mashg‘ulotlarni shakllantiradi.
Bundan tashqari, mashg‘ulotlarni klassik formatda yoki “Kim millioner bo‘lishni xohlaydi?”, “Do‘koncha”, “Omad sandiqchasi”, “Charxpalak” singari o‘yin uslublarida tashkil etish imkoniyati mavjud. O‘qituvchi avtomatik yaratilgan savollarni ko‘rib chiqishi, tahrirlashi va shundan so‘ng auditoriya bilan ulashishi mumkin. Ishtirokchilar esa QR-kod, havola yoki PIN orqali alohida hisob yaratmasdan mashg‘ulotga qo‘shiladi.
Platformaning yana bir muhim jihati — o‘qituvchi ishtirokchilarning natijalarini real vaqt rejimida kuzatishi, mashg‘ulot yakunida batafsil tahliliy hisobot olishi mumkin. Shuningdek, har bir o‘rganuvchining o‘yindagi natijalariga asoslangan individual tavsiyalar taqdim etilishi ta’lim jarayonini yanada shaxsiylashtirish imkonini beradi.
“SHUUR” o‘zbek, rus, ingliz, fransuz, ispan, portugal, mandarin, hindu va indonez tillarida to‘liq ishlab, turli tillardagi auditoriya uchun o‘quv kontentini interaktiv shaklda tashkil etishga yordam beradi. Platformadan telefon, planshet va kompyuter orqali foydalanish mumkinligi esa uni auditoriya mashg‘ulotlari bilan bir qatorda mustaqil va masofaviy ta’lim uchun ham qulay vositaga aylantiradi.
TDYU xodimi tomonidan yaratilgan mazkur loyiha universitetda innovatsion ta’lim texnologiyalarini rivojlantirish, professor-o‘qituvchilarning raqamli vositalardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish hamda o‘quv jarayonini yanada qiziqarli va samarali tashkil etishga xizmat qiladi. Platforma imkoniyatlari bilan shuur.uz sayti orqali tanishish mumkin.
Post #1946
1.82K
“SHUUR” — zamonaviy ta’lim uchun yangi raqamli yechim