BMTning Iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro pakti qabul qilinganining 60 yilligi munosabati bilan tashkil etilayotgan tanlovda Toshkent davlat yuridik universiteti bakalavriati va magistraturasida tahsil olayotgan talabalar ishtirok etishi mumkin.
Talabalarning xalqaro standartlar va milliy qonunchilik bo‘yicha bilimlarini mustahkamlash, tahliliy fikrlash, mustaqil huquqiy tadqiqot olib borish hamda asoslantirilgan takliflar ishlab chiqish ko‘nikmalarini rivojlantirishga qaratilgan tanlov uchun ijodiy ishlar o‘zbek va rus tillarida qabul qilinadi.
Tanlovga quyidagi yo‘nalishlardagi esselarni taqdim etish mumkin: taqdim etiladigan esselar
— konstitutsiyaviy islohotlar va iqtisodiy, ijtimoiy hamda madaniy huquqlar — yangilangan Konstitutsiyadagi ijtimoiy davlat tamoyili va uni amalda ta’minlash mexanizmlari;
— mehnat huquqlari va zamonaviy chaqiriqlar — gig-iqtisodiyot, platformaviy bandlik va masofaviy mehnat sharoitida ijtimoiy-iqtisodiy huquqlarni himoya qilish;
— ta’lim va sog‘liqni saqlash huquqi — inson kapitalini rivojlantirishda davlat majburiyatlari va inklyuzivlik kafolatlari;
— madaniy huquqlar va raqamli makon — madaniy meros, intellektual mulk va raqamli tengsizlik masalalari;
— xalqaro himoya mexanizmlari — Xalqaro pakt normalarini milliy qonunchilikka implementatsiya qilish va BMT qo‘mitasining monitoring amaliyoti;
— ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlar — nogironligi bo‘lgan shaxslar, xotin-qizlar va bolalarning ijtimoiy huquqlarini kafolatlash masalalari.
Essega qo‘yiladigan talablar:
— hajmi — 1 500–2 000 so‘z (adabiyotlar ro‘yxati hisobga olinmaydi);
— shrift — Times New Roman, 12 pt;
— izoh-havolalar — 10 pt;
— qatorlar oralig‘i — 1,5 interval;
— tarkibi — kirish, asosiy qism, xulosa va takliflar hamda foydalanilgan manbalar ro‘yxati;
— barcha iqtiboslar tegishli havolalar bilan tasdiqlanishi shart.
Akademik halollikka alohida e’tibor qaratiladi!
Esse matnining asilligi kamida 80 foiz bo‘lishi lozim. Barcha ishlar antiplagiat tizimi orqali tekshiriladi. Sun’iy intellekt vositalari yordamida to‘liq yaratilgan esselar tanlovga qabul qilinmaydi.
Tanlov uchun esselarni 25-oktabr 23:59 ga qadar @surayyo_okhmonova (o‘zbek tilidagi esselar uchun) hamda @ravshanovna_kh (rus tilidagi esselar uchun) Telegram manzillariga yuborish kerak.
Tanlov yakunida eng yaxshi esselar aniqlanib, g‘oliblar taqdirlanadi.
Post #1968
879
TDYU talabalari uchun “Iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlar bo‘yicha eng yaxshi esse” tanlovi e’lon qilindi