Toshkent davlat yuridik universiteti Biznes huquqi va sud himoyasi fakulteti Tadqiqot markazi hamda Tadbirkorlik va korporativ huquq sho‘basi hamkorlikda Global Disaster Preparedness Center (GDPC) tomonidan Fransiya Qizil Xoch jamg‘armasi bilan hamkorlikda tashkil etilgan 2026-yilgi GDPC Spotlight Research Grants Program doirasidagi xalqaro ilmiy grantni qo‘lga kiritdi.
Grant doirasida TDYU tadqiqotchilariga insonparvarlik faoliyatida texnologiyalardan prinsipial va mas’uliyatli foydalanishga qaratilgan ilmiy tadqiqotni amalga oshirish uchun 10 000 AQSH dollari miqdorida mablag‘ ajratiladi.
Loyiha doirasida insonparvarlik faoliyatida axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanish, sun’iy intellektni insonparvarlik tamoyillari asosida qo‘llash, raqamli texnologiyalardan foydalanishning etik va huquqiy jihatlari, texnologik yechimlarning inson huquqlari va xavfsizligiga ta’siri hamda sohada mas’uliyatli va ishonchli amaliyotni shakllantirish mexanizmlari tadqiq qilinadi.
Tadqiqot natijalari insonparvarlik sohasidagi siyosat va rejalashtirish jarayonlari, amaliy dasturlar hamda jamoatchilik tashabbuslarini takomillashtirishga xizmat qiladi.
Ilmiy tadqiqot ishlari 2026-yil noyabr oyidan 2027-yil iyun oyiga qadar amalga oshiriladi. Loyihaning yakuniy natijalari 2027-yil 30-iyunga qadar taqdim etilishi belgilangan.
Mazkur yutuq TDYU tadqiqotchilarining xalqaro ilmiy grantlardagi ishtirokini kengaytirish, sun’iy intellekt va zamonaviy texnologiyalarning huquqiy, etik hamda ijtimoiy jihatlarini chuqur o‘rganish, shuningdek, universitetda olib borilayotgan ilmiy tadqiqotlarning amaliy ahamiyatini yanada oshirish yo‘lidagi muhim natijasidir.
Grant dasturi haqida batafsil...
Post #1944
1.85K
TDYU tadqiqotchilari 10 ming dollarlik xalqaro ilmiy grantni qo‘lga kiritdi