TGViewer
Marifat Jamal | Fikrlar (Uzbek) Marifat Jamal | Fikrlar (Uzbek) @marifatjamal · 14.4K subscribers
Post #634 4.7K
va har bir dars meni Islomga qaytaradi...

Professor McDermott juda ham xotirjam inson. 15 tacha o'quvchi bilan o'tadigan darsimiz shunaqa tinch o'tadiki, o'quvchilarning nafas olishigacha eshitsa bo'ladi. Savol o'rtaga tashlanadi va butun auditoriya jimlikka g'arq bo'ladi. Eng qizig'i, o'sha jimlikni hech kim to'ldirishga shoshilmaydi, aynan shu payt hamma yanayam chuqurroq o'ylayotgandek tuyuladi. Men hech qachon gumanitar fanlarni, adabiyotni yaxshi ko'rmaganman, ora-orada she'r o'qib turishimni hisobga olmasa.

Lekin bu qandaydir o'zgaryapti.

Bu darsda biz Osiyoning eng qadimiy muqaddas kitoblarini o'qib, tahlil qilamiz. Birinchi darsdayoq ustoz "Nima uchun bu fanni o'rganyapsiz?" deb so'raganida, shunday javob bergandim: "Men musulmonman va Islom dinini eng to'g'ri din deb bilaman, bu o'zgarmaydi. Lekin turli dinlar qanday talqin qilinishini ko'rish men uchun qiziq."

Oradan bir oy o'tdi. Va bir narsani sezdim: biz o'qigan har bir kitobda dunyo ikkiga bo'lingan. Va har safar men ongli ravishda Islomga qaytaman.

Chunki har safar bitta kitobning o'zi ikki xil gapiradi...

Rig Vedani o'qish bilan boshladik. U Hindistonning eng qadimiy muqaddas kitobi, 3000 yildan oshgan madhiyalar to'plami. Bir madhiyada Indra eng buyuk xudo. Boshqasida Agni (olov xudosi), yana birida Varuna. Har biri o'z navbatida "eng oliy" deb maqtaladi. Keyin bir madhiyada: haqiqat bitta, donishmandlar uni turli nomlar bilan ataydi, deyiladi. Shunda savol: ko'p xudo bormi yoki bitta haqiqat? Kitob ikkalasini ham aytadi va oxirgi xulosani o'quvchiga qoldiradi. Yaratilish madhiyasi esa shubha bilan tugaydi: balki yaratuvchi biladi yoki u ham bilmas.

Keyin Vedalardan so'ng yozilgan, ustoz va shogird suhbatlaridan iborat Upanishadlarni o'qidik. Bir Upanishadda ota o'g'liga suvga tuz solib ko'rsatadi: tuz ko'rinmaydi, lekin hamma joyda bor. Oliy haqiqat ham shunday, ko'zga ko'rinmaydi, lekin hamma narsaning ichida bor. "Sen o'shasan".Ya'ni inson ruhi va oliy haqiqat aslida bitta. Inson Xudodan ajralgan emas, uning bir qismi.Boshqa bir Upanishadda esa bitta daraxtda ikki qush o'tiradi: biri inson ruhi, biri oliy ruh. Ular alohida. Bu yerda ham o'sha ikkilik: inson va Xudo bittami yoki alohidami? Agar inson va Xudo bitta bo'lsa, inson o'zini Xudo deb bilishi kerak. Agar alohida bo'lsa, inson Unga intilishi, Unga qarashi kerak.Keyinchalik hind falsafasi aynan shu savol ustida bo'limlarga bo'linib ketgan.

Keyin hindlarning eng mashhur muqaddas kitobi bo'lgan Bhagavad Gitani o'rgandik. Unda jang oldidan jangchi Arjuna va Krishna o'rtasidagi suhbat chuqur ta'riflanadi. Krishna ezgu fazilatlar qatorida zo'ravonlik qilmaslikni sanaydi, lekin Arjunani jang qilishga undaydi. "Natijaga bog'lanma" deydi, keyin esa: "o'lsang jannatga borasan, g'alaba qilsang yer yuziga egalik qilasan" deb natija va'da qiladi. Unda natija muhimmi yoki yo'qmi?

Buddizmda undan ham qizig'i... Bu shahzoda Siddxarta, ya'ni Budda boshlagan ta'limot. Budda doimiy "men" yo'q, ruh yo'q, deydi. Lekin qilgan amallaring keyingi hayotingga o'tadi, inson qayta tug'iladi, deydi. Agar "men" bo'lmasa, kim qayta tug'iladi? Buddistlarning o'zlari ham bu savol ustida asrlar davomida bahslashgan.

Bu matnlar ko'p asrlar davomida, ko'p odamlar tomonidan yozilgan. Ularda insonning haqiqatni izlashi ko'rinadi: chuqur, samimiy, lekin ba'zan o'zi bilan o'zi bahslashib.

Shunda men Niso surasidagi oyatni eslayman: "Ular Qur'onni tadabbur qilmaydilarmi? Agar u Allohdan boshqaning huzuridan bo'lganida, unda ko'p ixtiloflarni topgan bo'lur edilar" (Niso, 82).

Bu oyatda ikki narsa bor.

Birinchisi, oyat savol bilan boshlanadi: tadabbur qilmaydilarmi? Ya'ni o'ylab, chuqur mulohaza qilib o'qimaydilarmi? Alloh bizdan ko'r-ko'rona ishonishni emas, o'qib, tahlil qilib ko'rishni so'rayapti. Aynan biz darsda qilayotgan ish.

Ikkinchisi, oyat o'zini tekshirishga chaqiradi: agar bu kitob insondan bo'lganida, unda ko'p ziddiyat bo'lardi. Chunki inson o'zgaradi. Kayfiyati, sharoiti, bilimi o'zgaradi. Bugun aytgani ertangisiga zid kelib qolishi judayam tabiiy.

Qur'on esa 23 yil davomida nozil bo'lgan. Makkada va Madinada, tinchlikda va urushda. Shuncha yil, shuncha holatda, lekin Yaratuvchi haqidagi gap bitta: U yagona, U biladi, U bilan yaratilgan hech qachon bitta bo'lmaydi.

O'qigan kitoblarimiz asrlar davomida, ko'p qo'llar orqali yozilgan va ular o'zi bilan o'zi bahslashadi. Qur'on esa bahslashmaydi.

Va shuning uchun ham har darsda qaytadan Musulmon bo'lyabman.
  • ❤ 395
  • 🔥 98
  • 👏 47
  • 👍 23
  • 🥰 8
  • 🤩 4
  • 🎉 3
  • 😁 1
More from @marifatjamal
  1. Oct 4, 2026Post #633
  2. Sep 29, 2026Va endi oilaviy bayramlarni shunday tomosha qilasan💔
  3. Sep 17, 2026Soat 19:24. Katta leksiya zalida, taxminan 200 tacha talaba bilan kimyo lektsiyasida o'tir…
  4. Sep 13, 2026Vlog yaxshiroq sifatga o'tdi. Man vanihoyat youtubega post qilishni epladim😂 Ochki taqmas…
  5. Sep 13, 2026https://youtu.be/hdinjjgAv_s?si=mSKdk0Tj7aDIL9Ax
  6. Sep 13, 2026Post #625
Threads Profile ViewerView any public Threads profile without an account.Open ThreadLook →Writing with AI? Make it sound human.Metric37 rewrites AI drafts so they read naturally. Free AI detector, 1,500 words free.Try Metric37 →