Transport va qurilish muhandisligi fakultetida magistrantlar ishtirokida “Universitetdan ishlab chiqarishgacha: ilmning real hayotdagi qiymati” mavzusida davra suhbati boʻlib oʻtdi.
Tadbirdan koʻzlangan asosiy maqsad yosh olimlarning ilmiy salohiyatini oshirish, nazariy bilimlarni bevosita amaliyot va ishlab chiqarish jarayonlariga tatbiq etish koʻnikmalarini shakllantirishdan iborat boʻldi.
Davra suhbatida magistratura boʻlimi boshligʻi H.Sagʻdiyev, oʼquv-uslubiy boshqarma boshligʻi S.Toshtemirov, ilmiy va innovatsion ishlanmalarni tijoratlashtirish boʻlimi boshligʻi N.Qoʻziyev, xalqaro hamkorlik boʻlimi masʼul xodimi B.Aliyev hamda fakultet dekani U.Qodirov va professor-oʻqituvchilar mavzu yuzasidan oʻz mulohazalarini bildirdilar.
Mutaxassislar tomonidan yosh tadqiqotchilarga ilmiy ish olib borish metodologiyasi, dolzarb muammolarga toʻgʻri yechim topish va tadqiqot oʻtkazishning asosiy bosqichlari sodda va tushunarli misollar yordamida tushuntirib berildi.
Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 500-sonli qarori mazmun-mohiyati haqida ham batafsil soʻz yuritildi.
Jonli muloqot va qizgʻin bahs-munozaralar ruhida oʻtgan uchrashuv yakunida magistrantlar oʻzlarini qiziqtirgan savollarga mutaxassislardan batafsil javob oldilar.
Bizni birga kuzatib boring: 👇
🌐 Website | 📱 Facebook | 📱 Instagram | 📱 YouTube
QarDTU axborot xizmati ✍️









