Siz 1900-yilda, Kayzer Vilgelmning tartib va intizomga asoslangan, mag‘rur va o‘ziga bino qo‘ygan Germaniyasida tug‘ildingiz.
Maktabdagi qora derdyuk kostyumli o‘qituvchilaringiz sizlarga Vatan uchun qurbon bo‘lish insonning eng oliy burchi ekanini, nemis qurolining qudrati-yu, buyuk imperiya haqida jo‘shib gapirib berishardi. Siz bularning hammasiga ishonardingiz.
1914-yil, avgust. Urush boshlanganda siz o‘n to‘rt yoshli, ko‘kragiga sig‘mayotgan orzularga to‘la bola edingiz. Bizning avlod urushni qandaydir romantik sayohat, yaltiroq tugmalar va tantanali marshlar deb o‘ylardi. Uch yildan so‘ng, 1917-yilda, maktab partasini endigina tark etganingizda, siz va o‘nlab sinfdoshlaringiz vatanparvarlik qo‘shiqlarini kuylab ko‘ngilli bo‘lib frontga ketdingiz. Sizlarga qahramonlikni va’da qilishgandi.
Lekin Flandriya xandaqlarida romantika yo‘q edi. U yerda faqat tizza bo‘yi balchiq, loy, semiz kalamushlar, parchalanib ketgan inson go‘shti va xantalli gazning chirigan olma isini eslatuvchi qo‘lansa hidi bor edi xolos. Siz artilleriya olovi ostida yerni tirnoqlaringiz bilan tirnab yotarkan, vatanparvarlik degan balandparvoz so‘zlar qorningizni to‘ydiradigan bir burda qotgan non va isinganingizda tanangizdagi bitlarning chaqishichalik ham ahamiyatga ega emasligini tushunib yetdingiz.
Sinfdoshlaringizdan deyarli hech kim qaytmadi. Paulni snaryad parchasi tilka-pora qildi, Myullerni gaz bo‘g‘ib o‘ldirdi. Siz 18 yoshda edingiz, ammo qalbingiz yetmish yoshli cholnikidek qotib, mudrab qolgandi. Tarix bu nomni keyinroq o‘ylab topdi — “Yo‘qotilgan avlod”.
Siz o‘sha avlodning yuzi edingiz.
1918-yil oxirida siz mag‘lub, imperiyasi qulagan, och va sovuq vataningizga qaytib keldingiz. Eski shinelingizdagi qon va loy hidini hech qanday sovun ketkaza olmasdi. Uyda sizni hech kim qahramonlardek kutib olmadi. Odamlarga sizning xandaqdagi kechinmalaringiz emas, balki qora bozordan qanday qilib yarim kilo kartoshka topish qiziqroq edi.
Keyin 1923-yilgi giperinflyatsiya davri keldi. Siz bu paytda qabrtoshlar yasaydigan ustaxonada ishlar edingiz. Tongda olgan maoshingizga tushlik payti bir quti gugurt ham berishmasdi. Pul o‘z qadrini shunchalik yo‘qotdiki, onalar ko‘chadagi axlatlarni tozalash uchun milliardlik kupyuralardan supurgi yasab olishardi. Hamma narsa arzonlashdi: pullar, va’dalar, inson hayoti. Faqat ikkita narsaning qadri tushmadi – haqiqiy do‘stlik va oqshomlari kichik pivoxonada ichiladigan bir qadah ròmning huzurbaxsh tami. Hayot shunchaki yashab qolish uchun kurashga aylanib qolgandi.
Yigirmanchi yillarning oxiriga borib, Germaniya osmonida yana nimadir o‘zgara boshladi. Iqtisodiy inqiroz va ko‘chalardagi ishsizlar armiyasi orasida yangi shiorlar yangradi. Avvaliga kulgili ko‘ringan, ko‘chalarda baqirib yuradigan jigarrang ko‘ylakli odamlar asta-sekin butun mamlakatni o‘z iskanjasiga ola boshladi.
1933-yil. Ular hokimiyatga kelishdi.
Siz siyosatga tupurgan edingiz. Siyosat – bu doim boshqalar to‘laydigan qonli hisob ekanini xandaqlarda o‘rgangandingiz. Sizga shunchaki tinchgina yashash, yakshanba kunlari sevimli ayolingiz bilan bog‘da sayr qilish kerak edi. Ammo tizim hech kimni o‘z holiga tashlab qo‘ymasdi. Asta-sekin do‘stlaringiz yonidan odamlar yo‘qola boshladi. Kechalari ko‘chadan eshitiladigan mashina motorining ovozi odamlarni sovuq terga botiradigan bo‘ldi. Gazetalar o‘zga millatli qon va irqiy tozalik haqida tinmay jar solar, hamma yoqni qizil-qora bayroqlar qoplagan edi. Odamlarning ko‘zlarida xavotir va qo‘rquv, tillarida esa faqat ehtiyotkorona rozilik qoldi.
1939-yil, avgustning oxiri. Siz endi o‘ttiz to‘qqiz yoshdasiz. Chakkangizga oq tushgan, yuzingizda avvalgi urushning ko‘rinmas chandiqlari bor. Bir oqshom do‘stlaringiz bilan yarim bo‘sh pivoxonada o‘tiribsiz. Hech kim gapirmayapti. Havoda xuddi momaqaldiroq oldidan bo‘ladigan, nafasni bo‘g‘uvchi og‘ir jimjitlik osilib turibdi.
1-sentyabr tongi. Radiodan baland, qat’iy ovoz taraldi. Chegaralar buzilgani, qo‘shinlar Polshaga kirgani e'lon qilindi.
Post #23596
1.2K
Kitoblar ombori 1900-yil Germaniyasida tugʻilganingizda qanday yashardingiz? Men Remark romanlarini oʻqib buni tasavvur qilib koʻrdim. Qiziqmi?
- ❤ 17
- 👏 4
- 🥰 2