Aleksandra Kaveliusning “Laylo” asari — bu oddiy kitob emas. Bu insoniyat o‘tmishi, urush fojialari va ayolning chidamlilik kuchi haqida yurakni larzaga soluvchi hujjatli hikoya. Men bu kitobni o‘qib, ayolning boshiga qanday og‘ir sinovlar tushishi, unga qanday zulm qilinishi va shunga qaramay, u qanday qilib yashashga kuch topishi mumkinligini yana bir bor tushundim.
Asarda bosh qahramon Laylo — yosh, orzulari bor, hayotga intiluvchan bosniyalik qiz. Bir qarashda u ham boshqalar kabi odatiy hayot kechiradi. Ammo urush uning orzularini, tinchini, hatto tanasini ham ayamasdan vayron qiladi. O‘qiyotgan paytda Layloning boshidan o‘tgan har bir sahna, ayniqsa ikki yil davomida lagerda ko‘rgan dahshatlari — o‘quvchini titratmay qo‘ymaydi.
Muallif Layloning boshidan o‘tganlar haqida shunchaki hikoya qilmaydi — u bizni Layloning o‘zi bilan birga uyga olib kiradi, qorong‘i xonaga qamab qo‘yadi, uning qo‘rquvini, yolg‘izligini, iztirobini his qilishga majbur qiladi. Ba’zan sahifani yopib, chuqur nafas olib, yana davom etishga jur’at yig‘ishga to‘g‘ri keladi. Qahramonning boshidan o‘tganlari shu qadar og‘ir va shu qadar haqiqatga yaqin.
Asar davomida eng ko‘p seziladigan narsa — bu ayolning sinmaslikka urunishlsri. U qanchalik ezilmasin, ruhiy va jismoniy qiynoqlarga duch kelmasin, yana yashashni xohlaydi. Bu istak — har bir o‘quvchini hayratda qoldiradigan kuch. Urush insonni hayvon darajasigacha tushirib yuborishi mumkin, lekin muallif shuni ko‘rsatadiki, haqiqiy poklik va qat’iyat insonning ichida qoladi.
“Laylo” — urushning erkaklarga emas, aynan ayollarga qilgan eng katta zarbasi haqida. Bolaligini, orzularini, hayosini tortib olgan bu fojialar shunchaki tarixiy voqea emas. Bu — bugun dunyoning turli burchaklarida takrorlanib turgan adolatsizlikning aks-sadosi. Kitob o‘quvchini jim qilib qo‘yadi, ko‘zlarga yosh keltiradi, ba’zan yurakni “nima uchun?” degan savollar bilan qiynaydi.
Asarni o‘qib tugatganingizda Layloni unutolmaysiz. U siz bilan bir umrga qoladi. Har gal insonning kuchi, sabr-toqati haqida o‘ylaganingizda, siz Layloni eslaysiz — zulmga qaramay yashagan, o‘zini tiklagan, iztirobdan yorug‘likka yo‘l topgan ayol sifatida.
Post #4028
675
Kitapci_kiz📚🌼 Photo
- ❤ 3
- 👍 1
- 🔥 1