📱Telegramdan tanishingiz: “Rasmdagi sizmisiz?” deb .apk yoki .exe fayl yuboradi.
Ko‘pchilik buni oddiy firibgarlik deb o‘ylaydi. Aslida esa bunday fayl ortida butun bir kiberjinoyat ekotizimi bo‘lishi mumkin.
🚨Zararli dastur yaratadigan dasturchi uni yozadi. Boshqa guruh uni antivirus yoki boshqa himoya vositalari sezib qolmasligi uchun niqoblaydi. Yana boshqasi Telegram, soxta saytlar yoki buzilgan akkauntlar orqali qurbon topadi. O‘g‘irlangan ma’lumotlarni esa alohida odamlar qayta ishlaydi va pulga aylantiradi.
🚩Bu model Malware-as-a-Service (MaaS) deb ataladi. Ya’ni hujum qilish uchun har doim ham hacker bo‘lish shart emas.
Ba’zan kerak bo‘ladigani — tayyor vosita va uni kimlargadir yuborish.
Narxlar ham shuni ko‘rsatadi: ayrim zararli dasturlar qora bozorda o‘nlab yoki yuzlab dollar, murakkabroq xizmatlar esa minglab dollarga baholangan. Ayrim malware oilalari esa obuna asosida ijaraga beriladi.
Eng xavflisi — bu sizdan uzoqdagi muammo emas.
Markaziy Osiyoda, jumladan O‘zbekistonda ham Telegram orqali bank, davlat xizmati yoki boshqa mashhur ilova nomidan tarqatilgan Android malware kampaniyalari kuzatilgan.
🚩Masalan, Ajina kampaniyasi doirasida 2023–2024-yillarda minglab Android qurilmalar zararlangani qayd etilgan.
Shuning uchun Telegram'dan kelgan:
.apk — “ilova” bo‘lmasligi mumkin.
.exe — “dastur” bo‘lmasligi mumkin.
“Bonus”, “premium”, “crack”, “maxsus versiya” yoki “tezda o‘rnating” — bularning barchasi hujumchi foydalanadigan niqob bo‘lishi mumkin. Va eng muhim nuqta: Sizga virus yuborgan odam virusni yozgan odam bo‘lmasligi mumkin.
U shunchaki tayyor jinoyat xizmatining mijozidir. Shuning uchun tanishingiz yuborgan faylga ham avtomatik ishonmang.
Post #148
108

- 👍 2