Oʻzbekiston Respublikasining Qozon shahridagi Bosh konsulxonasi tomonidan uzoq vaqt davomida olib borilgan maqsadli muzokaralar natijasida Rossiyaning Volgaboʻyi federal okrugi hududidagi Mordoviya Respublikasi va Samara viloyatidagi jazoni ijro etish muassasalarida jazo oʻtayotgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi boʻlgan ayollarning voyaga yetmagan farzandlarini Vatanga qaytarish jarayoni muvaffaqiyatli yakunlandi.
Oʻzbekiston Respublikasining Qozon shahridagi Bosh konsulxonasi diplomatlari tomonidan amalga oshirilgan konsullik-huquqiy tadbirlar doirasida voyaga yetmagan bolalarning Oʻzbekiston Respublikasi fuqaroligiga mansubligi, Vatanida qarindoshlari mavjudligi va ularni qaytarish uchun zarur boʻlgan boshqa masalalar oʻrganib chiqildi. Shuningdek, Rossiya Federatsiyasining vakolatli idoralariga tegishli hujjatlar taqdim etilib, zarur tartib-taomillar amalga oshirildi.
Natijada Mordoviya Respublikasidagi jazoni ijro etish muassasasi hududida joylashgan bolalar uyidan voyaga yetmagan bolalar Bosh konsulxona diplomatlari hamda Oʻzbekistondan safarbar etilgan Ichki ishlar vazirligi xodimlari hamrohligida eson-omon qabul qilib olindi va Vatanga qaytarish jarayoni taʼminlandi.
Alohida taʼkidlash joizki, Bosh konsulxona tomonidan Rossiya Federatsiyasidagi jazoni ijro etish muassasalari hududida joylashgan bolalar uylarida boʻlgan Oʻzbekiston fuqarolarining voyaga yetmagan farzandlarini repatriatsiya qilish boʻyicha tadbirlar tizimli ravishda amalga oshirilmoqda. Ushbu saʼy-harakatlar natijasida yosh fuqarolarimiz bosqichma-bosqich Vatanga qaytarilmoqda.
@TIVmatbuot
Post #299
939